Bugun, 9 sentyabr kuni O‘zbekiston hududining katta qismida 32-35 daraja atrofida bo‘lgan harorat bilan quruq va biroz issiq ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublikaning g‘arbiy hududlari bo‘yicha Volgabo‘yi hududlaridan salqin va biroz nam havo massalari kirib kelishi davom etadi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.
Shanba va yakshanba kunlari havo massasining kirib kelishi respublikaning barcha hududlariga tarqaladi va hafta oxirida kuzgi salqin sifatida o‘zini namoyon etadi.
11 sentyabrda osmonda kuzgi bulutlar paydo bo‘ladi, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida biroz yomg‘ir yog‘ish ehtimoli bor. 11-12 sentyabrda Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘yicha ba’zi joylarda va respublikaning tog‘li hududlarida yomg‘ir yog‘adi.
Front kirib kelishida 10-11 sentyabr kunlari shamol 15-18 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatiladi, shanba kuni Surxondaryo viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida shamolning kuchayishi ba’zi joylarda 20-23 m/s ga yetishi mumkin.
Respublika hududining katta qismida havo harorati pasayadi va yakshanba kuniga kelib kunduz kungi harorat 23-28 darajagacha pasayadi. 12 sentyabrga kelib tungi harorat o‘zining minimumiga yetadi, bunda termometr ko‘rsatkichi 10-13 darajagacha tushadi.