Dam olish kunlari ba’zi hududlarda yomg‘ir va momaqaldiroq kutiladi
Bugun, 26 iyun kuni O‘zbekistonning shimoliy tumanlariga Volgabo‘yi tumanlaridan salqin va kam nam havo oqimi kirib keldi. Kun davomida kirayotgan front respublikaning shimoli va cho‘l zonasidan o‘tadi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyatida bugun havo harorati +30…+35 darajagacha pasayishi aytilmoqda. Bu haqida Gidrometeorologiya markazi xabar bermoqda. Ta’kidlanishicha, O‘zbekisto hududining katta qismida ob-havo quruq va issiq bo‘lishi aytildi. Istisno tariqasida Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi harorat +35...+40 daraja atrofida bo‘ladi. Markazning xabariga ko‘ra, ertaga, 27 iyun kuni salqin va kam nam havo oqimi butun O‘zbekiston hududiga tarqaladi. Barcha joylarda havo bulutli bo‘ladi, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi harorat iyun oyining oxiri uchun qulay bo‘lgan ko‘rsatkich +27…+32 darajagacha pasayadi. Sovuq front o‘tishi natijasida 26-27 iyunda respublikada shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi va shiddat bilan esganda tezligi 23-28 m/s gacha yetishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq, 26-28 iyun kunlari respublikaning tog‘li hududlarida sel kelish xavfi borligi haqida xabar bergan edik.