Biz ko‘pincha salomatligimizga jiddiy e’tibor bermaymiz. Qandaydir muammo paydo bo‘lgandagina shifokorga murojaat qilamiz. Ba’zan sog‘ligimizga zarar yetkazayotganimizni hatto o‘zimiz ham payqamaymiz. Mana, masalan, ayrim odatlar buyrakka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. «Ular qaysi?» degan savolga «Rambler» shunday javob berdi.
Noto‘g‘ri turmush tarzi
Jismoniy harakatning kamligi va ortiqcha tana vazni ikkinchi tip diabet rivojlanishiga hamda qon bosimi ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.
O‘z bilganicha dori ichish
Zarari to‘g‘risida qancha gapirilmasin, odamlar baribir o‘z bilganidan qolmaydi. Reklamalarning nayrangiga uchib og‘riqsizlantiruvchi preparatlarni pala-partish qabul qilaveradi. Bir qarashda buning hech qanday ziyoni yo‘qdek. Axir bosh og‘rig‘i to‘xtaydi. Lekin ko‘pgina dori-darmonlar buyrakka salbiy ta’sir o‘tkazib, ularning faoliyatini izdan chiqaradi. Ayrim preparatlarni muntazam qabul qilish buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi.
Energetik ichimliklar
Ko‘pchilik kun davomida faol bo‘laman deb vujudini «energetik»larga to‘ldirib tashlaydi. Tarkibidagi taurin nihoyatda xavfli ekanligini ular qayoqdan ham bilsin?! Ushbu aminokislotaning qonda to‘planishi buyrak yetishmovchiligiga olib keladi. Bundan tashqari, kuniga bittadan «energetik» ichishga odatlanib qolgan bo‘lsangiz, (ichimlik tarkibida qand ko‘pligi bois) organizm suvsizlanishiga duchor bo‘lishingiz turgan gap. Bu esa buyraklarga tushadigan yuklamani kuchaytiradi.
Alkogol va sigareta
Alkogol suvsizlanishni keltirib chiqaradi va buyraklarning faoliyatini izdan chiqaradi. Chekish ham surunkali buyrak yetishmovchiligining xavfli omili sanaladi.