Mamlakatda maymun chechagi kasalligi bilan bog‘liq 978ta holat aniqlangan.
Braziliya sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda maymun chechagi kasalligidan birinchi o‘lim holati yuz berganini tasdiqladi. Bu haqda Globo telekanali xabar berdi.
"Braziliyada maymun chechagi kasalligidan birinchi o‘lim holati qayd etildi", - deyiladi telekanal xabarida.
Xabarda aytilishicha, vafot etgan bemor Minas-Jyerays shtatidagi Uberlandiya shahrida yashagan.
Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumot berishicha, Braziliyada maymun chechagi kasalligi bilan bog‘liq 978ta holat aniqlangan.
Avvalroq JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus maymun chechagi kasalligi tarqalishini sog‘liqni saqlash sohasida xalqaro miqyosdagi favqulodda vaziyat deb e'lon qilgandi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 63 mamlakatda maymun chechagi kasalligini yuqtirish bilan bog‘liq 9,2 mingdan ortiq holat qayd etilgan.