Bosh vazir virtual qabulxonasi endilikda Prezident virtual qabulxonasi sifatida faoliyatini davom ettiradi
O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining PM.gov.uz virtual qabulxonasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentinikiga aylantirildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi hukumat portali xabar berdi.
“PM” qisqartmasini endi “Prezidentga Murojaat” deb ta`riflasa bo`ladi. Hozirgi vaqtda ushbu Portalning 3 oylik ishlash tajribasidan kelib chiqib murojaatlarni ko`rib chiqishni yanada takomillashtirish bo`yicha tegishli Prezident qarorlari loyihalari tayyorlanmoqda.
"Endilikda hal etilmagan masalalar/muammolar, ariza, shikoyat yoki takliflarni to`g`ridan-to`g`ri O`zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga yuborish mumkin.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yuborilayotgan murojaatlardagi masalalarni davlat organlari tomonidan iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy va huquqiy jihatdan tahlil etib, hal etilishini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri virtual qabulxonasi endilikda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi sifatida o`z faoliyatini davom ettiradi", deyiladi xabarda.