Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » FIKR MULOXAZA

Bolalarim nega urishaverishadi?

O‘g‘lim va qizim o‘rtasida janjalning oxiri ko‘rinmaydi: kim birinchi bo‘lib cho‘miladi?
 Ovqat payti dadasining yonida kim o‘tiradi? Kimning olmasi kattaroq? Eng arzimas narsalardan bahs boshlab, albatta, urish bilan tugatishadi. Bunga qanday barham berish mumkin, a?
Sabab
Buning bir qancha sabablari bor. Avvalo, ular o‘rtasida doimo ota-onaning e’tibori, mehru muhabbatini ko‘proq qozonish uchun raqobat mavjud. Ikkinchidan, bolalar kattalar kabi yon berish, bir gapdan qolish nimaligini bilishmaydi. Ular «istayman, demak, meniki» tamoyiliga ko‘ra ish ko‘rishadi.  Shu sababli bir necha bola katta bo‘layotgan oilada, ayniqsa, ularning yoshi orasidagi farq kichik bo‘lsa, janjallar tez-tez kuzatiladi.
Jazolash
Avvalo, oilaning barcha a’zolari o‘rtasida do‘stona va samimiy munosabatlar bo‘lishi kerak. Ahil oilada o‘sgan bolalar janjallarga kamroq bosh qo‘shishadi. Bundan tashqari, bolalaringiz, kim birinchi boshlaganiyu kim ko‘proq aybdorligidan qat’i nazar, urishsalar, qattiq jazolanishlarini bilsinlar.
Bir oilada o‘sayotgan bolalarning bahslashishi va raqobatlashuvi — odatiy hol, ammo ular ko‘zlagan maqsadlariga urish-janjal vositasi bilan erishishga o‘rganib qolmasligi kerak. Shu bois urishqoqlik uchun jazoni ortga surmay, joyida berish lozim (ko‘chaga o‘ynagani chiqmaslik, shirinlik yoki sevimli o‘yinchoqdan mahrum qilish…) Yana bolalarni uyning ikki tomoniga jo‘natish, o‘sha yerda qimirlamay o‘tirishni buyurish ham mumkin. Faqat bu har kimning o‘z xonasi bo‘lmasligi kerak. Chunki bola o‘z xonasida o‘yinchoqlari, sevimli buyumlari bilan qoladi va qilgan ishi haqida o‘ylab ko‘rishni xayoliga ham keltirmaydi.
Ammo bundan avvalroq, ularni bir-biridan kechirim so‘rashga majbur qilish kerak. «Men hech narsa qilmadim-ku, u so‘rasin kechirimni»,  degan gaplarga «sotilmang». «Ikkoving urishdingmi, ikkoving kechirim so‘raysan, tamom vassalom!» Farzandingiz sizning bosimingizdan qutulish uchun emas, aslida qilgan ishining yomonligini bilib, kechirim so‘rasin.
Tushuntirish
Odatda, janjalning sababini bilib, bartaraf etish juda qiyin kechadi. Chunki kattalar qanday qilib shu arzimas narsa uchun urishish mumkinligini hech qachon tushunishmaydi. Aslida, gap sababda emas, siz janjalni qanday bartaraf eta olishingizda. Shunday qilingki, bolalar keyingi safar shunga o‘xshash vaziyatda gaplaringizni eslab, urishishmasin. Olaylik, aka-uka bitta joyni talashishayapti: «Mening joyim, men o‘tiraman» mazmunidagi janjal. Shunda ahil aka-ukalar haqida biron rivoyat, ertak so‘zlab bering. Kimning qaerda o‘tirishi muhim emas, muhimi, kim akasi yoki ukasi uchun joyini bera oladi, gap ana shunda deya bolaning ongiga ta’sir o‘tkazishga urinib ko‘ring. Agar bu ta’sir qilmasa, “ikkovingga ham yo‘q”, deb o‘sha joyga o‘zingiz o‘tirib oling. Bolalar galma-galdan shu joyga o‘tirishga rozi bo‘lmasalar, umuman undan ayrilib qolishlarini tushunsalar, o‘zaro kelishishga majbur bo‘lishadi.
Jazomi yoki demokratiya?
Ayrim ota-onalar bolalar janjallashib katta bo‘lishadi, bunga qarshi choralar qo‘llab, bolani jahlini ichga yutishga majbur qilsang, uning tuyg‘ulari lat yeydi, o‘z fikrini ochiq aytolmaydigan noshudga aylanib qoladi, degan fikrni ilgari surishadi. Ammo mohir pedagoglar bu usulni yoqlashmayapti. Chunki bola tarbiyasi bu sud majlisi emaski, unda o‘z fikrini bayon qilish tamoyili hamma narsadan ustun tursa. Gap bolaning tuyg‘ularidan-da yuksakroq va qimmatliroq narsa — uning tarbiyasi xususida ketayapti. Kichkintoy o‘z g‘azabini boshqarishni, murosayu madora degan narsalarni o‘rganishi kerak. Bu unga kelajakda juda kerak bo‘ladigan malakalardir. Demak, ozgina qattiqqo‘llik va talabchanlik aslo zarar qilmaydi!
Shahnoza TO‘RAXO‘JAYEVA


Категория: FIKR MULOXAZA
Просмотров: 3276 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Bolalarim, Nega, urush-janjal
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 13:53
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное