Tel-Aviv universiteti tadqiqotchilarining ma’lum qilishicha, bitkoin bozoriga ta’sir o‘tkazib bo‘lmasligi haqidagi fikrlarga qaramasdan, ba’zi guruhlar yoki alohida kishilar kriptovalyuta qiymatining keskin o‘zgarishiga olib keluvchi bozor manipulyatsiyasini yuzaga keltira oladi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Kriptovalyutaning birja savdolarida ko‘p sonli subyektlarning ishtirok etishi sababli shu vaqtga qadar alohida kishilarning manipulyatsiyasi birjada kriptovalyuta narxiga jiddiy ta’sir qlia olmaydi, deb hisoblanardi.
Tadqiqotchilarning aniqlashicha, bir kishiga tegishli bo‘lgan Markus va Willy savdo robotlari Mount Gox birjasida 2013—2014-yillarda mavjud bitkoinlar savdosining 70 foizida ishtirok etgan. Ma’lum bo‘lishicha, birjada kriptovalyuta narxining tez o‘sgan vaqtida savdoda Markus va Willy robotlari ishtirok etgan.
Savdo robotlari bozor harakatiga bog‘liq ravishda savdolarga qo‘shilgan. Robotlar tasdiqlangan va tekshirilgan o‘tkazmalarni amalga oshirgan bo‘lsa ham, bevosita ular tomonidan sotib olingan va sotilgan bitkoinlar nazorat qilinmagan. Markus va Willy savdolarda ishtirok etgan vaqtda bitkoin qiymati kuniga o‘rtacha to‘rt foizga o‘sgan. Robotlar manipulyatsiyasi natijasida ularning egasi 600 mingdan ortiq bitkoinni qo‘lga kiritgan bo‘lib, ularning o‘sha vaqtdagi qiymati 188 million dollarni tashkil qilgan.