Jamiyatdami, oiladami qaerda bo‘lmaylik bizga yokmaydigan ish sodir bo‘lsa, bosh aybdorni qidirish odat bo‘lib qolgan. Aybdorni topdik ham deylik. Xo‘sh undan keyin nima bo‘ladi? Ha, to‘g‘ri topdingiz. Qo‘limizga qanday qurol bo‘lmasin unga otishga harakat qilamiz. Aybdor esa indamay yerga tikilgancha aybini qanday to‘g‘rilash yo‘llarini qidiradi. Xatoni kachon boshlaganini eslashga harakat qiladi...
...Hammasi o‘sha kundan boshlandi. O‘rta maktabni tugatdi. Keyin kollejga kirdi. Albatta o‘zi xohlamagan kollejga. Ota-onasi shuni xohlashdi. Shu kollejda otasining yaqin tanishi bormish. U bilan bemalol til topishsa bo‘larmish. Xullas uch yil o‘tib ketdi. Muammoning kattasi endi boshlandi. Institutga harakat qilish kerak. Harakat deganda nimani tushundingiz? Tayyorgarlikni-yu kitob o‘qishnimi? Topolmadingiz! Ona bilan ota “tayyorgarlik” ko‘rishdi aslida. Ota-ona yaxshi “tayyorgarlik” ko‘rishibdi shekilli, talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. Lekin yana o‘zi xohlamagan oliygohga. Qaysi oliygoh deysizmi? Ha o‘sha muallimlar tayyorlaydigan oliygohga! Chunki o‘qituvchilik jaaa unaqa mas’uliyat talab qilinmaydigan kasbmish. 30-40 ta bolani amallab 45 daqiqa ushlab tursa marra uniki! Berilib dars o‘tish shartmas. Berilib, jonini jabborga berib o‘tolmaydiyam. Chunki o‘qituvchilik kasbini azaldan yoktirmaydi. Nima bo‘lsayam oliy ma’lumotlilik hujjatini olsa bo‘ldi emish.
Ko‘z ochib-yumguncha 4 yil o‘tib ketdi. Endi ishlash kerak. Ota-ona uyiga yaqinroq maktabga ishga joylashtirib qo‘yishdi. Ana endi u ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi. Unga yosh kadr bo‘lgani uchun 5-6 sinflardan dars berishdi. Yaxshi bo‘ldi, ularni eplash oson. Boshlang‘ichdan chiqqan. Qo‘rqoqroq, shirin gapning gadosi bo‘lishadi.Amallab darsini o‘tdi. O‘qituvchilik unchalik qiyin kasbmaskan. Vazifa berib qo‘yasanbo‘ldi. Yoziiib o‘tiradigan vazifa bersang 45 minut g‘iz etib o‘tib ketadi. Ko‘nikib qoldi. Yaxshiyam darslik bor ekan. 4-ta mashqni berib qo‘ysang, bir soat utdi-ketdi. Lekin hamma bola ham bir xilmaskan. Savol beraverib xit qivoradi. Bunaqalardan har bir sinfda 3-4 ta bo‘larkan. Shunaqangi savollar berishadiki, unga javob berishing uchun kamida bir kun tayyorgarlik ko‘rishing kerak. Uniyam yo‘lini topdi: Mahmadonalik qilmasdan vazifani bajar deydi. Ungayam ko‘nmasa, yaxshi yo‘li bor – daftarini boshdan oyoq tekshirib chiqish kerak. Xato qilmaydigan bola bormikan. Xatosini qizil ruchka bilan belgilab o‘ziga ko‘rsatib qo‘yish kerak. Shunda jim o‘tiradi. Qo‘rqadigan bitta narsasi bor. To‘satdan bostirib keladigan tekshiruvlar! Uni ham yo‘li topildi. Tekshiruvchi degani seni darsingni kuzatib o‘tirmaskan. Hujjatlaringni so‘rarkan. Hammasini ko‘rsatsang bo‘ldi, ishlar besh! Bolarning bahosi ham besh bo‘lib ketdi. Kim ovoz chiqarmasdan jiiim o‘tirib yozib o‘tirsa, ikkita besh deb va’da bersa bo‘lsa ekan, sinf jim-jit bo‘lib qoladi.
...Aybdorning kimligini topdingizmi? Xo‘sh kim aybdor ekan, bolalarning aksariyat qismi maktabdagi darslarni qiziqmasligiga. Ustoz deysizmi? To‘g‘ri, chunki xatoni qilgan ustoz qarshingizda turibdi. 90 foiz odam o‘qituvchini aybdor qilyapti. Agar biz jamiyatdagi mana shunga o‘xshagan illatlarni bir daraxt deb bilsak, o‘sha fanining mohiyatini anglab yetmayotgan ba’zi bir sharafli kasbning ichidagi “kurmak”lar mana shu daraxtning bir mevasidir. Mevani terib tashlaganingiz bilan u keyingi yil yana hosilini beraveradi. Biz bu “daraxt”ningshoxini butab qo‘yyapmiz xolos. Daraxtning ildizi esa hech kimga ko‘rinmay ozuqasini olib gurkirab “meva”sini berib kelyapti.
Robiyabonu Nuraliyev