“MY5” telekanali orqali namoyish etilayotgan “Muhabbat tafti” seriali bosh rol ijrochisi, hind aktyori Barun Sobti 21 may kuni Toshkentga kelayotgani haqida xabar bergan edik.
“To‘ylar muborak” loyihasi muallifi va prodyuseri Dildora Zaynutdinova serialni tomosha qilar ekan, bosh rol ijrochisi bilan qiziqib qoldi va Barun Sobtini Toshkentga taklif etishga qaror qildi. Xo‘sh, bu jarayon qanday kechdi? “Shov-shuv.uz” sayti Dildora Zaynutdinova bilan bog‘lanib, ushbu savolga javob oldi.
- Barun Sobti Hindistonda va undan tashqarida ham juda mashhur ekanligiga amin bo‘ldim. Turli so‘rovnomalar o‘tkazdim. Ko‘pchilik uning tashrifi shov-shuvga aylanishi haqida fikrlar bildirdi. Tashqi Ishlar Vazirligi bilan bog‘landim. Mutasaddilar Barun Sobti bilan rasmiy bog‘lanishda ko‘mak berishdi. 3 oy davomida muloqot olib bordik. Urinishlarimiz besamar ketmadi. U Turkiyaga rasmiy safar qilganda, rejamiz yanada osonlashdi. Aktyorning prodyuseri uning Toshkentga tashrifini martga belgiladi. Biz esa mayni taklif etdik. Chunki, Barun “To‘ylar muborak” shousida mehmon bo‘lishini istadik! Shunday qilib, loyihamiz doirasida 3 ta yirik tadbir o‘tkaziladi. Birinchisi, Barun Sobti bilan ijodiy uchrashuv. Unda OAV xodimlari va aktyorning muxlislari, o‘zbek kinosi vakillari, ijodkorlar ishtirok etadi. Ikkinchisi, “To‘ylar muborak” shousi. Uchinchisi, aktyor ishtirokida gala-shou.
- Sir bo‘lmasa, Sobtining Toshkentga tashrifi qanchaga tushmoqda?
-Gonorar haqida aytolmayman! Bu sir!
- Hindistonlik yulduz rafiqasi bilan tashrif buyuradimi?
- Loyihamizda uning shaxsan ishtirok etishi ayni muddao. Sobtining rafiqasi mehmonlar uchun u qadar qiziqarli emas deb o‘ylayman.
- Barun Sobti tashrifi siz kutganingizdek ishonchni oqlashiga qanchalar ishonasiz?
- Uning muxlislar qanchalar ko‘p ekanligini tasavvur qilolmaysiz? Taklifnomalarni qo‘lga kiritish istagidagilar ne qadar ko‘pligini bilsangiz edi!? Ishonsangiz, ijtimoiy tarmoqlar orqali uning Toshkentga kelishidan xabar topgan muxlislari hatto xorijiy mamlakatlardan Toshkentga uchib kelishmoqda! Ko‘rasiz, bu haqiqiy shov-shuv bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Barun Sobti 1984-yil, 21-avgustda Dehli shahrida tug‘ilgan. Uning 2 ta kasbi bor: aktyor va model. (Darvoqe, u “Jindal Telecom” kompaniyasida 7 yil menejer bo‘lib, faoliyat yuritgan.) 3 ta tilni biladi: ingliz, hind, panjob. Bo‘sh vaqtlarida futbol va kriket bilan shug‘ullanadi. Planetamizdagi sevimli joylari: Melburn va Maldiviya orollari. Sevimli Hollivud aktyori – Denzel Vashington. Uni mashhur qilgan serial – “Muhabbat tafti”. Shu serial ortidan u “Star Parivaar Awards”ning 4 ta mukofotini qo‘lga kiritgan. Hindistonda bu ulkan muvaffaqiyatning yagona sohibi esa hozircha faqat Sobtiga dohil bo‘lib qolayotir!
Oilali. 2010-yil, 12-dekabrda Pashmin Manchandaga uylangan.