Amerikada 2015-yilning eng hurmatli insonlari e’lon qilindi
Prezident Barak Obama va prezidentlik lavozimiga demokratlar partiyasidan nomzodi qo‘yilgan Hillari Klinton yana bir bor AQShning 2015-yildagi eng hurmatga sazovor bo‘lgan shaxslari deb topildi. Bu haqda Gallup tadqiqot markazi o‘tkazgan so‘rov natijalariga tayanib “Vesti” xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Hillari Klinton hurmatli insonlar ro‘yxatining ayollarga tegishli bo‘lgan qismidagi birinchi o‘rinni 20-marotaba egalladi. Shuningdek, Klinton ketma-ket 14 yil davomida ro‘yxatga boshchilik qilib kelib, bu ko‘rsatkichlari bilan u 1948-yildan beri o‘tkazilib kelinadigan so‘rov natijalari bo‘yicha Eleonora Ruzvelt, Margaret Tetcher, Jaklin Kennedi, ona Tereza va Golda Meyer kabi mashhur ayollarni ortda qoldirdi.
2015-yilda Hillari Klinton uchun respondentlarning 13 foizi ovoz berdi. Ikkinchi o‘rinni 5 foiz to‘plagan pokistonlik faol Malala Yusufzai oldi. AQSh prezidentining turmush o‘rtog‘i Mishel Obama va teleboshlovchi Opra Uinfriga 4 foizdan ovoz berildi.
Shuningdek, Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Germaniya kansleri Angela Merkel va AQShning sobiq Davlat kotibi Kondoliza Rays ro‘yxatning birinchi o‘nligiga kiritildi.
O‘z navbatida, Obama 17 foiz ovoz bilan hurmat reytingining erkaklar qismida birinchi o‘rinni egalladi. 5 foizdan Rim papasi Fransisk va prezident lavozimiga respublikachilar partiyasidan o‘z nomzodini qo‘ygan milliarder Donald Trampga nasib etdi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh jamoat arboblari orasida prezident Barak Obama va mamlakatning sobiq bosh kotibi Hillari Klinton amerikaliklar tahsiniga sazovor bo‘lgan edi.