Alisher Uzoqov, Nilufar Usmonova hamda uning farzandlarini nima bog‘ladi?
30 aprel kuni xonanda Nilufar Usmonova o‘zining “Kelaqol jonim” taronasiga suratgan olingan videoni taqdim etgan edi.
Muxlislarini ko‘p kuttirmaslikka qaror qilgan xonanda ko‘p vaqt o‘tmay yangi video klip suratga olishga kirishib ketdi. “Chin sevaman” deya nomlangan yangi taronaga suratga olingan klipda o‘zining ijodi bilan muxlislarini sog‘intirgan aktyor Alisher Uzoqovni ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Er va xotin obrazida namoyon bo‘ladigan bu ikki san’atkorning farzandlari rolida Nilufar Usmonovaning o‘g‘illarini ko‘rish mumkin bo‘ladi. Bu haqda xonanda o‘zining Feysbukdagi sahifasi orqali o‘tkazgan onlayn intervyusida ma’lum qilgan:
“Klipda oddiy o‘zbek oilasining kundalik hayoti aks ettiriladi. Farzandlarim ilk bor klipda suratga tushdi. Yaxshi, sharmanda qilmasdan rollarini ijro etib berishdi. Klipda suratga tushgani uchun iste’dodli aktyor Alisher Uzoqovga alohida minatdorchilik bildiraman. Klipni mahoratli operator va rejissyor Yoxan suratga oldi. Tez kunda yangi klip hukmingizga havola etiladi”