Alisher Usmonovning yana bir qancha boyliklari “qulog‘ini ushladi”
Germaniya hukumati rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli deb hisoblangan 30 ta rasm, jumladan rassom Mark Shagallning asarini musodara qildi. Bu haqda “Sueddeutsche Zeitung” nashri xabar bermoqda.
Nashrning yozishicha, qiymati besh million yevro bo‘lgan asl san’at asarlari Usmonov bilan bog‘liq bo‘lgan 156 metrlik “Dilbar” yaxtasidan topilgan.
“Unga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar munosabati bilan Usmonov Germaniya rasmiylarini mamlakatdagi mol-mulki, jumladan, ushbu san’at asarlari haqida xabardor qilishga majbur. Biroq, aftidan, u bunday qilmagan”, deb yozadi gazeta.
Germaniya hukumati 600 million dollarlik “Dilbar” yaxtasini joriy yilning mart oyida Usmonovga Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli sanksiya qo‘yganidan keyin tortib olgan.
Alisher Usmonov musodara qilingan suratlar, yaxta va villaga aloqadorligini rad etadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mulkning barchasi u nazorat qilmaydigan fondlarga tegishli.