O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, "Do‘stlik" ordeni sohibi Matyoqub Matchonov O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasiga rais etib tayinlandi. Bu haqda “Xalq so‘zi” nashri “O‘zbekkino”ning feysbukdagi sahifasidagi ma’lumotga asoslanib, xabar bergan.
Ma’lumot uchun, Uyushma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3176-sonli qaroriga asosan qayta tashkil etilgan.
Uyushmaning asosiy vazifalari milliy kinematografiya yo‘nalishlarini belgilash, yangi badiiy jamoalar tuzish, boy an’analarga tayangan holda jahon andozalari darajasidagi zamonaviy milliy kino san’ati maktabini yaratish, O‘zbekiston kino san’atini mamlakatimizda va chet ellarda targ‘ib etish, xorijiy kino ustalari bilan ijodiy aloqalarni o‘rnatish va kengaytirish, milliy va xalqaro kinofestivallarida ishtirok etish hamda ularni tashkil etish, kino sohasida ijtimoiy madaniy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar va boshqa tadbirlarni tashkil qilishdir.