Abdumo‘min O‘tbosarovning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgan
O‘zbekistonda xalq artisti, oliy toifali suxandon Abdumo‘min O‘tbosarovning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Bu ma’lumotni uning hamkasbi Muslimbek Yo‘ldoshev “Sayyod.com” bilan suhbat ma’lum qilgan.
“31-dekabr ertalab 10:30 larda televideniyeda ishda bo‘lgan Abdumo‘minning tobi qochdi. Shifoxonaga olib ketildi. Yurak xuruji (infarkt) bo‘libdi. Uydagilari borganida hammasi yaxshi deya xotirjam qilib ketkazib yuborishgan. Biroq tongda mana shu mudhish xabardan voqif bo‘ldik. Bilasizmi, u shifoxonaga keta turib ham o‘z ishini o‘yladi ‘Yana bir jumlam bor edi, shuni yozib olsam’ degancha qoldi. Bunday fidoiy va o‘z ishini ustalari judayam kam, yurak xuruji bo‘lib turgan payti ham o‘z sog‘lig‘ini o‘ylamay, ishini o‘yladi”, — dedi Muslimbek Yo‘ldoshev.
Bugun, 1-yanvar kuni peshinda Bodomzor masjidida Abdumo‘min O‘tbosarovning janozasi o‘qildi.
So‘nggi bora Abdumo‘min O‘tbosarovni tomoshabinlar 31-dekabr kuni efirda Prezident tabrigini o‘qib eshittirganida oynai jahonda ko‘rdi.
Eslatib o‘tamiz, Abdumo‘min O‘tbosarovning to‘satdan olamdan o‘tgani 1-yanvar tongida ma’lum qilindi.