Yulduz Usmonova bir necha kun isitmalab yotgani haqida so‘zlab berdi
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova shu kunlarda og‘ir kasallikni boshdan kechirganini so‘zlab berdi. «Kasal bo‘ldik, lekin vahima qilgim kelmadi. Nima qilaman odamlarning kayfiyatini buzib. Kimdir meni yaxshi ko‘radi, kimningdir ko‘rishga ko‘zi yo‘q. Kasal ekanligimni aytib, muxlislarimni xafa qilib, meni xushlamaydiganlarni xursand qilgim kelmadi. Juda qattiq kasal bo‘ldim. Sizga yolg‘on, menga chin. Alloh doktorning ham yaxshisini yetkazdi. O‘zi menga shifoni ham yetkazdi. Koronavirus bo‘lmadim, bronxial astma qo‘zidi. Vrach menga har doim harakatda bo‘lishni, shar puflashni hamda sodali suv ichishni tayinladi. Bir paytlar avariya bo‘lib qovurg‘am singanida shar puflagandim, bu o‘pkaga ham yaxshi ekan. Kim kasal bo‘lsa, shar puflasin. Qiyin, lekin foydali. Lekin o‘sha kunlari rosa yig‘ladim. Ollohimga duo qildim — shukur shu kunlarga ham, faqat shu kunlarda, bunaqa sharoitda olib ketma, dedim. To‘rtta odam ham kelmayapti-da janozaga. Korona desa, qarindoshlar ham kelmayapti. Doktorlar ham kelsa kelmasa, hamma yoqda korona deb tashlayapti. Ko‘pchilikda astma bor, ayrimlarda bronxit yoki pnevmoniya. O‘zimizni asraylik, bolalarga muzdek ichimlik, muzqaymoq bermaylik, kondisioner yoki ventilyator ostida yotmaylik. Ilohim kasallarga shifo bersin, kasal bo‘lmaganlarni bu balo chetlab o‘tsin», — deydi Yulduz Usmonova.