Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » DUNYO va JAXON XABARLARI

Xitoy koronavirusi. Virus bo‘yicha 4-fevralning asosiy xabarlari


Kasallanganlar va vafot etganlar

Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 4-fevral holati bo‘yicha 20 438 ta koronavirusni yuqtirish holati qayd etilib, vafot etganlar soni 425 kishiga yetdi. Komissiya 2788 ta holatda bemorlarning ahvoli og‘irligini ma’lum qilgan. Hozirga qadar 480 ga yaqin kishi sog‘aygani aytilmoqda.

Gonkongda koronavirus oqibatida birinchi o‘lim holati qayd etildi. Bu Xitoy tashqarisida qayd etilgan ikkinchi o‘lim holati. Avvalroq Filippinda 44 yoshli erkak vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Olimlarga ko‘ra, 2020-yilning 25-yanvar holatida koronavirusni yuqtirgan bemorlar soni 75 815 nafarni tashkil etgan. Bu esa rasmiy e’lon qilingan raqamlardan o‘n baravar ko‘p degani.

Suratdagi bu ayol koronavirus o‘chog‘i — Xubey provinsiyasidan kelgan. U politsiyadan saratondan aziyat chekayotgan qizining davolanishi uchun nazorat-o‘tkazish punktidan o‘tkazib yuborishlarini so‘rab ko‘z yosh to‘kmoqda.

O‘zbekistondagi vaziyat

4-fevral, seshanba kuni, soat 17:05 da Pekindan bortida 250 nafar o‘zbekistonlik bilan uchgan samolyot Toshkentga kelib qo‘ndi. Avvalroq Xitoydan 157 nafar o‘zbekistonlik talaba qaytib kelgani haqida xabar berilgan edi.

Xitoydan olib kelingan o‘zbekistonliklar koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalariga joylashtirildi.

Mazkur muassasalar to‘liq karantin talablari asosida jihozlangan bo‘lib, diagnostika vositalarining zarur zaxiralari, kerakli dori hamda dezinfeksiya vositalari, shaxsiy himoya vositalari, maishiy vositalar va zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlangan.

Ma’lum qilinishicha, Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelingan fuqarolar alohida nazorat ostida bo‘lib, muntazam tibbiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi.

3-fevral, dushanba kuni, Rossiyaning Xanti-Mansiysk avtonom okrugidagi kasalxonaga yotqizilgan uch nafar o‘zbekistonlikda koronavirus infeksiyasi borligi tasdiqlanmadi. “Ha, O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida o‘tkazilgan tahlil natijalari keldi. Bu koronavirus emas — gripp yoki O‘RVI. Bizda boshqa ma’lumotlar yo‘q”, — degan agentlik suhbatdoshi.

Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi 3 nafar o‘zbekistonlikning koronavirus gumoni bilan kasalxonaga yotqizilgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlarni tasdiqlab, fuqarolarining ahvoli qoniqarliligini hamda ularda koronavirus simptomlari kuzatilmaganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Novosibirsk—Tyumen aviareysida uchgan Xitoy fuqarosida koronavirus aniqlanganidan so‘ng, ushbu reysning barcha yo‘lovchilari kasalxonalarga joylashtirilgan. Shifokorlar bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirda analiz tahlillari Tyumen va Novosibirsk tibbiyot muassasalariga yuborilgan va analizlar u yerda puxta o‘rganilganidan so‘nggina xulosa beriladi.

Jahondagi vaziyat

Brent turidagi neft narxi 13 oy mobaynidagi eng past ko‘rsatkichga tushib, bir barrel narxi Londonning ICE birjasida 3-fevral kuni holatiga ko‘ra, 54,7 AQSh dollarigacha pasaydi. Neft bozorida narxning tushushi koronavirus sabab Xitoyda neftga bo‘lgan talabning 20 foizga kamayishi fonida ro‘y bermoqda.

Rossiya Liberal-demokratlar partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy jahonda koronavirus tarqab borayotgan sharoitda O‘rta Osiyo mamlakatlari uchun Rossiya chegaralarini yopish taklifi bilan chidi. Jirinovskiyga ko‘ra, virus tarqashiga Xitoydan ko‘ra O‘rta Osiyo mamlakatlari xavfliroq.

Ma’lumot uchun, Jirinovskiy o‘zining noodatiy, qolipga sig‘mas fikrlari bilan tanilgan siyosatchi hisoblanadi. Avvalroq u Sibirdagi yong‘inlar o‘rmon qo‘riqchilarining shtati keskin qisqarib ketgani oqibatida yuzaga kelgani haqida gapirgan bo‘lsa, Belarus va Ukraina davlatlarini Rossiya bilan birlashishga ham chorlagan edi. Jirinovskiy hatto Rossiyada prezident lavozimini tugatib, tegishli vakolatlarni davlat kengashiga berishni, uning a’zolarini esa har yili aprelda saylashni taklif qilgan.

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus mamlakat bo‘ylab keng tarqalishi mumkinligini e’lon qilib chiqdi. Ma’lum qilinishicha, yangi turdagi koronavirus mamlakat hududi bo‘ylab tarqalishining aniq taxminlari yo‘q, biroq uning keng ko‘lamda tarqalishiga qarshi tayyorgarlik ko‘rish lozim.

Butun dunyo bo‘ylab aviakompaniyalar koronavirus sabab Xitoyga parvozlarni bekor qilayotgan bir payt, Pokiston hukumati 3-fevraldan parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.

Tailand hukumati koronavirus sabab talab ortib ketgan jarrohlik niqobi, tibbiyot spirti va dezinfeksiyalovchi spirt mahsulotlarining narxini davlat tomonidan nazorat qilinadigan mahsulotlar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘ydi.

Makao ma’muriy hududi rahbari Xo Iat Seng bayonot bilan chiqib, hukumati koronavirus tarqalish xavfi sababli hududdagi barcha kazinolar faoliyatini ikki haftaga to‘xtatishga qaror qilganini ma’lum qildi.

Bugun, 4-fevral kuni Xitoyning koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Uxan shahrida yangi kasalxona bemorlarni qabul qilishni boshladi. 1000 nafar bemorga mo‘ljallangan kasalxona binosi modul konstruksiyalaridan foydalangan holda 10 kunda qurib bitkazilgandi. Uxanda shu texnologiyani qo‘llagan holda ikkinchi kasalxona qurilishi boshlangan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Xua Chunin rasmiy Pekin AQSh koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha va’da qilgan yordamni tezroq yuborishini kutayotganligini ma’lum qildi.

Avvalroq, AQSh prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Larri Kadlou Xitoyga koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazidan (CDC) eng yaxshi ekspertlar yuborilishini bildirgandi.



Manba:daryo.uz
Категория: DUNYO va JAXON XABARLARI
Просмотров: 3621 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Koronavirus, Xitoy
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 09:17
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное