Italiyada koronavirus qurbonlar soni Xitoydan ham oshib ketdi
Italiyada bir kecha-kunduzda 427 kishi hayotdan ko‘z yumib, koronavirus qurbonlar soni 3405 taga yetdi, bu vaqt mobaynida qariyb 4,5 ming kishi kasallikni yuqtirdi, deb xabar berdi «RIA Novosti». Shu tariqa Italiyada koronavirus qurbonlar soni Xitoydan ham oshib ketdi. Avvalroq XXR sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mita rahbari mamlakatda koronavirus qurbonlar soni 3245 taga yetganini ma’lum qilgandi. «Bugun 415 kishi tuzalib, ularning soni 4440 nafarga yetdi», — dedi Italiya fuqaro mudofaasi xizmati rahbari Anjelo Borrelli kechki brifingda. Ayni vaqtda qariyb 33,2 ming italiyalik koronavirusni yuqtirgan bo‘lib, bir kecha-kunduzda bu ko‘rsatkich 4,5 mingtaga ko‘paygan. Chorshanba kuni kasallanganlar soni 2,7 mingtaga oshiq bo‘ldi, avvallari bir kecha-kunduzda ko‘pi bilan 3 mingtani tashkil etayotgandi. «Afsuski, bugunning o‘zida 427 ta o‘lim holati qayd etildi», — deydi Borrelli. Shu tariqa Italiyada COVID-19 qurbonlari soni 3405 taga yetdi. Yaqinda o‘lim holati rekord 475 taga ko‘paygani qayd etildi. Borrellining so‘zlariga ko‘ra, vafot etganlar bilan qo‘shib hisoblaganda kasallanganlarning umumiy soni 41 ming kishidan oshadi. Yaqinda bu ko‘rsatkich 35,7 ming kishini tashkil etgandi.