Xitoyda nima gap?
3-fevral holatiga ko‘ra, Xitoyda 17238 kishida koronavirus aniqlanib, umumiy hisobda 361 kishi vafot etgan. Bu atipik pnevmoniya qurbonlari sonidan ham ko‘proq. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining qayd etishicha, Xitoyda 2002—2003-yillarda tarqalgan atipik pnevmoniya 349 kishini hayotiga nuqta qo‘ygan.
Koronavirusdan hozirga qadar 480 ga yaqin kishi sog‘aygani aytilmoqda. Boshqa mamlakatlarda koronavirusni yuqtirganlar soni 150 kishidan ortiqni tashkil qilmoqda.
Gonkong universiteti olimlari esa Uxandagi koronavirusni aslida necha kishi yuqtirib olganiga oydinlik kiritdi. Olimlarga ko‘ra, 2020-yilning 25-yanvar holatida koronavirusni yuqtirgan bemorlar soni 75 815 nafarni tashkil etgan. Bu esa rasmiy ravishda e’lon qilingan raqamlardan o‘n baravar ko‘p degani.
Kecha, 2-fevral kuni xitoylik shifokorlar koronavirus infeksiyasi bilan xastalangan 33 yoshli ayol o‘pkasining suratini e’lon qildi. Birinchi suratda o‘pkadagi xiralashishlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, uch kun o‘tib olingan ikkinchi suratda zararlangan soha kengayganini ko‘rish mumkin.
Bugun, 3-fevral kuni Xitoy hukumati koronavirusning tarqalishidan zarar ko‘rgan mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlamoqchi ekanligini ma’lum qildi. Buning uchun Xitoy Markaziy banki bozorga 1,3 trillion yuan (173 milliard dollardan ortiq) miqdoridagi likvidlikni chiqardi.
Shuningdek, Yangi yil ta’tilidan so‘ng Xitoyda boshlangan birinchi birja savdolari koronavirus tarqalishi sharoitida 8 foizlik qulash bilan ish boshladi. Bundan tashqari, 2019-nCoV koronavirusning tarqalishi Xitoyda neftga bo‘lgan talabning keskin pasayishiga ham olib keldi.
Uxan shahrida 2020-yil 1-fevraldan boshlab koronavirusdan vafot etgan bemorlarni dafn etish taqiqlandi. Business Insider’ning yozishicha, bu haqda Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi koronavirusdan vafot etganlar soni 304 kishiga yetganini e’lon qilgan vaqtdan boshlab ma’lum qilgan.
Jahonda-chi?
Bir muddat avval, Xitoy koronavirus epidemiyasi sabab 60 milliard dollar yo‘qotishi mumkinligi taxmin qilingandi, shu sabab rasmiy Pekin iqtisodiyotda “darcha” paydo bo‘lib qolmasligi uchun infeksiya tarqalishini bor kuchi bilan to‘xtatishga urinmoqda. Moody’s Analytics kompaniyasi esa koronavirus jahon bozoriga 2008—2009-yillardagi moliyaviy inqirozdan ham kuchliroq ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Rossiya 3-fevraldan boshlab Xitoy bilan temir yo‘l orqali yo‘lovchilar qatnovini noma’lum muddatga to‘xtatdi. Shuningdek, mamlakat hukumati yangi 2019-nCoV koronavirusi atrofdagilar uchun xavf tug‘diruvchi kasalliklar qatoriga kiritdi.
Rostov-Dondagi xitoylik talabadan koronavirus aniqlanmagani ma’lum bo‘ldi. Avvalroq messenjerlarda xitoylik talaba tez yordam mashinasida olib ketilgani va shifokorlar unga koronavirus tashxisini qo‘ygani haqida mish-mishlar tarqalgandi.
Qirg‘iziston Xitoyning Uxan shahridan o‘zining 18 nafar fuqarosini evakuatsiya qildi. Xabarda aytilishicha, evakuatsiya qilinganlarning barchasi aeroportning o‘zida tekshiruvdan o‘tkazilib, karantin uchun Bishkekdan tashqarida joylashgan maxsus infeksion bo‘linmaga joylashtirilgan.
AQSh esa oxirgi ikki hafta mobaynida Xitoyga borgan chet elliklarni mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘ydi.
Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Yens Shpan G7 davlatlari Xitoyda yangi koronavirus avj olishi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildi.
O‘zbekistonda-chi?
Bugun, 3-fevral kuni Rossiya O‘zbekistonga yangi koronavirusning laboratoriya diagnostikasi vositalarini topshirdi. Kimyoviy tahlil uchun asbob-uskunalardan iborat test tizimlari o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik mutaxassislarga 1, 2-fevral kunlari yetkazib berilgan.
Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Xitoydan kelgan talabalar sog‘lig‘i haqida ma’lumot berib,
ijtimoiy tarmoqlarda “Xitoy virusi munosabati bilan xavfsizlik choralari ko‘rilganmikan?”, “Andijonga Xitoydan kasallik olib kelganlar yo‘qmikan?” mazmunida paydo bo‘lgan ko‘plab savollarga javob berishga urinib ko‘rdi.
Biroq, Xitoydan Tyumenga kelgan hamda koronavirus aniqlangan xitoylik talaba qiz bilan bir samolyotda uchgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi Xanti-Mantiysk avtonom okrugidagi kasalxonaga yotqizilgan. “Ularda koronavirus xavfi yo‘q. Ular koronavirus yuqtirgan bemor bilan gaplashgan. O‘zbekistonliklar boshqalardan izolyatsiya qilingan. Tahlil natijalari kutilmoqda. Ularning ahvoli yaxshi”, — dedi “Rospotrebnadzor” hududiy bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Inna Kudryavseva.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda koronavirus infeksiyasining mamlakatga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar qayd etilmaganini, Respublikada ushbu kasallikka tashxis qo‘yish imkoniyati mavjudligini, shuningdek, davolay oladigan malakali mutaxassislar ham yetarligi haqida to‘xtalib o‘tdi.