Uzoq Muddat o‘tirib ishlash bevaqt o‘limga olib keladi
Braziliyalik tibbiyot xodimlari uzoq muddat, qimirlamay o‘tirib ishlash barvaqt o‘limga olib kelishini aniqladilar. Tadqiqot mualliflari bu haqda American Journal of Preventive Medicine da maqola chop etishdi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.
Olimlarning fikricha, kun davomida uch soatdan ortiq qimirlamay stulda o‘tirib ishlash, dunyoda inson o‘limning 3,8 foizini tashkil etadi. Olimlar 54 ta mamlakatda tadqiqot ishlarini olib borishdi va 2002 yildan 2011 yilgacha bo‘lgan davr mobaynidagi o‘lim oqibatlarini o‘rganib, aynan uzoq muddat davomida o‘tirib ishlash 433 nafar insonning o‘limiga sabab bo‘lganligini aniqlashdi. Bu ko‘rsatkich Tinch okeanining g‘arbiy qismida, shuningdek, Yevropa va Shimoliy Amerikada juda yuqori bo‘lgan. Eng kam o‘lim ko‘rsatkichi esa Janubi-Sharqiy Osiyoda kuzatilgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, jismoniy mashqlar bajarilgan taqdirda ham uzoq muddat davomida qimirlamay ishlash o‘lim xavfini kamaytirmaydi. Mutaxassislar bu ma’lumotlar kelajakda xodimlarning ish jadvalini rejalashtirishda foydasi tegishi mumkinligini aytishdi.