«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi qoshida qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash Badiiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi joriy yilning 8 may kuni bo‘lib o‘tdi. Kengashda 10 ta xonanda tomonidan 12 ta qo‘shiq va ularga ishlangan videokliplar ko‘rib chiqildi.
Xonanda Farhod Saidov tomonidan ijro etilgan «Ko‘zlaring» deb nomlangan qo‘shiq muhokama etilib, ijro yaxshiligi bois videoklip suratga olish uchun tavsiya berildi.
Qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholashda Rayhon, Hulkar Abdullayeva, "Ummon", “Via Marokand” kabi mashhur xonanda va guruhlar ijodi tanqid ostiga olindi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayxon G‘aniyev tomonidan “Yurak” Hamdam Sobirov so‘zi, Jasur Badalboyev musiqasiga olingan klipida qo‘shiq so‘zlari mantiqan mukammal emasligi hamda, klipda ayrim kadrlardan nojoiz foydalanganligi uchun Kengash tomonidan qayta ishlash tavsiya etildi.
“Nihol” mukofoti sovrindori Hulkar Abdullayeva tomonidan “Dard” deb nomlangan qo‘shiqning so‘zlari va ijrosi yaxshiligi alohida ta’kidlanib, lekin qo‘shiqqa ishlangan klipdagi kadrlardan nojoiz foydlanganligi bois, ushbu klipni qayta to‘g‘rilash tavsiya etildi.
“Via Marokand” guruhi tomonidan kuylangan so‘zi va musiqasi Jasur Badalboyevga mansub “Turist” qo‘shiqning matni sayoz, mantiq va she’riyat talablariga javob bermaydigan bachkana so‘zlar asosida ekanligi va klip kadrlari tushunarsiz holatlar mavjudligi kuzatish mumkin. Qo‘shiq so‘zlarida "Ram pa papam tara tira tira tam" so‘zlari she’riyat talablariga javob bermaganligi tufayli rad etilib, xonandalar qo‘shiq so‘zlarini shoirlar bilan qayta to‘g‘rilab, qayta topshirish mumkinligi tavsiya etildi.
Bu qo‘shiqni tinglab muhokama qilib bo‘lgach, bugungi kunda tinim bilmay ijod qilayotgan “Ummon” guruhining “Oq gulim” deb nomlangan qo‘shig‘i so‘zi va musiqasi guruhga mansub bo‘lgan qo‘shiq tinglandi, bu qo‘shiq ham so‘zlarining mazmunsizligi hamda klipdagi kadridagi “alkogolli ichimliklar, yotoqxona sahnasini olib tashlash” tavsiya etilib, ushbu holatda efirlarga uzatish rad etildi. Muassasa mas’ullariga "Ummon" guruhi xonandalarini keyingi kengashga taklif etish vazifasi topshirildi.