"Tarona.net" ning navbatdagi mehmoni — yoshlar
orasida mashhurlikka erishgan, 2012 yilning eng yaxshisi deya e’tirof etilgan
"Ummon” guruhi. Garchi ularning muxlislari ko‘p bo‘lsa-da, guruhning
ijodiga tanqidiy ko‘z bilan qaraydiganlar ham yo‘q emas. "Ummon”
guruhining muxlislari va aksincha ularga tanqidiy nazar bilan qaraydiganlarni
uchrashtirgan bahsni e’tiboringizga havola etamiz.
Oqlovchilar: Suhrob, Nargiza, Islom ("Ummon” guruhining ma’muri)
Qoralovchilar: Farhod,
Abdulaziz va Mahmud.
Suhbatni oqlovchilar boshladi.
Suhrob: — Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda sermahsul ijod
qilayotgan guruhlaridan yagonasi shu — "Ummon” guruhi. To‘g‘ri, kamchiliklari
ham bor-ku, dersiz, ammo "Ummon” ana shu kamchiliklari bilan ham zo‘rligini
ushlab qolyapti. Bilishimcha, guruhingiz qo‘shiqlarini 100 foiz Zohid yozadi,
shundaymi?
Jasur, guruh vakili: — Repertuarimizdagi uchta qo‘shiqdan tashqari
barchasining muallifi Zohid. Munisa Rizayeva bilan kuylagan "Vo ajab”
qo‘shig‘ini Eldor Qayumov, boshqa ikkita qo‘shig‘imizni Shahboz ismli
ijodkorlar bilan hamkorlikda yozganmiz.
Nargiza: — Ochig‘i, ularning bugungi kunda erishgan yutuqlaridan xursandman.
Bunga havas qilsa arziydi, tan olmaslikning ilojisi yo‘q.
Abdulaziz, qoralovchi: — Oqlayman desak, maqtashga arzigulik tomonlari
ko‘p. Biroq kamchiliklarga qachongacha ko‘z yumish mumkin. Ularning ijodi
yaxshi ekanligini isbotlab bering-chi... Sizlar deyarli barcha
qo‘shiqlaringizni shevada kuylaysiz. Oddiy misol, viloyatda sizlarning
qo‘shiqlaringizni tinglayotgan muxlislaringiz ham, Toshkent shevasida
"votti-votti” deb gaplashishadi. San’at va adabiyotning o‘z qonun-qoidalari,
tili bor. Ularga amal qilish shart!
Zohid guruh vakili: — To‘g‘ri, qo‘shiq matnlarida kamchiliklar yo‘q
emas. Ayni kunlarda mana shu narsalarni bartaraf etish uchun matn
yozish jarayonida o‘zimizdan ko‘ra mahoratli bo‘lganlar bilan ishlashga harakat
qilyapmiz.
Farhod: — Balki saviyasizlikka hamma ishni Zohidning o‘zi
bajarayotgani sababdir.
Zohid: — Saviyasizlik bo‘lgan... O‘sha paytda biz yosh, san’atning
qonun-qoidalarini unchalik ham yaxshi bilmaganmiz.
Shohrux, guruh vakili: — Uch-to‘rt yil avvalgi qo‘shiqlarimizni hozir
eshitsak, o‘zimiz ham kulamiz. Ijodimizda saviyasi past bo‘lgan qo‘shiqlar
borligini tan olamiz. Ammo yoshimiz katta bo‘lgani sayin, biz ham
tinglovchilarga saviyasi balandroq qo‘shiqlar yetkazishga harakat
qilyapmiz.
Farhod: — San’at insonni ezgulikka va hatto yomonlikka ham boshlakshi
mumkin. Sizlar san’atingiz bilan odamlarni nimaga chorlayapsizlar?
Zohid: — Bizning ijodimiz asosan tengdoshlarimiz uchun. Ayni kunlarda
o‘smir yigit va qizlarning eng og‘riqli dardi nimada? Albatta, sevgi-muhabbat!
Shuning uchun ham ijodimizning deyarli 95 foizni shu mavzu egalagan.
Abdulaziz: — Gapingiz to‘g‘ri-ku-ya, ammo ijodingizda sevgan qizi tashlab
ketgan yigit mavzusi keng yoritilgan. Qo‘pol qilib aytganda doim qizlarga
yalinayotgan yigitlarni aks ettirishga harakat qilasizlar?
Jasur: — Biz yigit kishimiz-ku! Yigit bo‘lib, qizlarning dardini olib
chiqishimiz noto‘g‘ri bo‘lar.
Shohrux: — "Men qizimni tashlab ketdim” deb qo‘shiq aytish kulgili
bo‘lardi, nazarimda.
Abdulaziz: — Aynan shunday deb aytish shart emas. Mavzuni xolis
kuzatuvchi sifatida ham ko‘tarish ham mumkin-ku? Buning uchun
sizlarga mahorat kerak xolos.
Zohid: — Mana kuni kecha "Xo‘rlangan qiz” nomli filmga
sauntrek yozdik. O‘sha qo‘shiqda qizning dardini ochib berganmiz.
Suhrob: — "Ummon” guruhining dastlabki qo‘shiqlarini saviyasiz deb ko‘p
aytishadi. Aslida "Ummon” ning o‘ziga xosligi aynan o‘sha ilk qo‘shiqlarida
edi. Agar ular o‘sha o‘ziga xoslikni yo‘qotishsa, guruhning mashhurlikka
erishgan nomi yo‘qoladi. Kim qancha tanqid qilsa, ham "Ummon” o‘zining
uslubida qolishi kerak.
Farhod: — Unday bo‘lsa, san’atning san’atligi qayda qoladi? Bu sohada
mukammalikka harakat bo‘lishi kerak-ku. Agar hamma o‘zi istagan mavzuda
kuylayversa, o‘zbek estrada san’ati jarga qulamaydimi?
Suhrob: — Men aytmoqchi bo‘lganim, san’atda hamma o‘z yo‘nalishini, o‘ziga
xos jihatlarini saqlab qolishi kerak. Hamma ham bir tinglovchi istagan
yo‘nalishda kuylashi shart emas.
Zohid: — Qo‘shiq kuylashni boshlaganda, ochig‘i, biz o‘z
yo‘nalishimizni, san’atdagi imkoniyatimizni bilmasdik. Tajriba oshgan sayin esa
har birimizning imkoniyatimizni aniqlanyapti.
Farhod: — Har biringizda yo‘nalish bor, bu kuylash jarayonida sezilib
turadi. Negadir konsertlaringizda biringizning ovozingiz yangraganda,
boshqa birov mikrofonda qo‘shiq kuylayotgan vaziyatlarni ko‘p kuzatganman.
Zohid: — Gap shundaki, biz konsertlarda hech qachon mikrofonni
o‘chirmaymiz. Shohrux yo Jasur kuylaganda men, men qo‘shiq aytayotganimda ular
jim turolmaydi. Shuning uchun fonogrammada ovozim ketayotgan bo‘lsa-da,
boshqalar ham qo‘shilib turadi.
Farhod: — "Ummon” guruhidan oldin Zohidning o‘zi yakkaxon xonanda sifatida
tanilgan edi. Aytaylik, bugun Zohid bo‘lmasa, guruh saqlanib qoladimi?
Shohrux: — Zohid, Jasur, Shohrux — "Ummon”ning bir bo‘lagi. Nafaqat Zohid,
balki Jasur yoki men ketsam ham "Ummon” tarqalib ketadi.
Mahmud: — 15 yildan keyin yo‘nalishingiz qanday bo‘ladi?
Jasur: — Buni vaqt ko‘rsatadi. "Bolalar” guruhi misolida gapiradigan
bo‘lsak, ular ham yildan-yilga o‘sib, yo‘nalishini saqlab qolishgan. Guruhdagi
kuylanayotgan qo‘shiqlarning mavzulari yoshiga mos tarzda o‘zgarib kelgan.
Mahmud: — O‘zbekiston xalq artistlari G‘ulomjon Yoqubov va Munojat
Yo‘lchiyevlar sizlarning Munisa Rizayeva bilan aytgan "Vo ajab” qo‘shig‘ingizni
kuylashdi.
Zohid: — Ularning duetini eshitib ochig‘i tan berdim. Bizga juda yoqdi.
Aliya: — Bu mavzuda G‘ulomjon Yoqubovga murojaat qilganimizda
"Biz yoshlarni tanqid qiladigan bo‘lsak, birinchi bizning yo‘nalishimizda
kuylab ko‘ring. Buni ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor, deyishadi. Mana
biz kuyladik. Endi navbat ularga” deb javob qaytardi. Sizlar uning qaysi
qo‘shig‘ini kuylay olgan bo‘lardi?
Zohid: — Biz ham ustoz san’atkorning o‘zidan ruxsat olgan holda, "Ey dil”
va "Dilorom” nomli qo‘shiqlarini qayta kuylamoqchimiz.
Nargiza: — Zohid, siz avval musiqa yozib, keyin unga she’r bitasizmi?
Zohid: — Birinchi galda musiqa yozib, keyin unga ovozga moslashtiraman.
Tan olish kerak, she’r yozishda mahoratim yetarli emas.
Abdulaziz: — She’rga musiqani moslashtirish to‘g‘riroq bo‘lmaydimi?
Zohid: — Bunday uslubda yaralgan qo‘shiqlarimiz ham yo‘q emas. Ammo
menimcha, qo‘shiq kuylashda ovoz yo‘lining o‘rni juda katta. Agar she’r ham,
musiqa ham, yaxshi bo‘lib unga ovoz yo‘li topilmasa, kuylangan qo‘shiq
bir tiyinga qimmat bo‘lib qolaveradi.
Farhod: — Bugungi kunda jonli ijroda kuylash ommalashib boryapti. Sizlar
qachon jonli ijroda kuylashga o‘tmoqchisizlar?
Zohid: — O‘tgan yilgi so‘nggi konsertimizda 3 ta qo‘shig‘imizni jonli
ijroda kuylaganmiz. Keyingi yakkaxon konsertlarda buni ko‘paytirish niyatimiz
yo‘q emas. Bu harakatni hozirdan boshlaganmiz. Jonli kuylash talab etiladigan
yo‘nalishda qo‘shiq yozyapmiz...
Islom: — So‘nggi yaratilayotgan barcha qo‘shiqlar hozirda "O‘zbeknavo”
estrada birlashmasining "elagidan” o‘tib kelyapti. Ilgari biz yozgan qo‘shiqlar
shunchaki tarqatilgan bo‘lsa, hozir ularni maxsus mutaxassislarga eshittirib
keyin xalqqa beryapmiz.
Tomonlar xulosasi:
Zohid: — Uchrashuvga kelishdan avval, ko‘nglim biroz g‘ash bo‘lgandi. Yana oddiy
intervyu bo‘ladi degan xayolda edim. Ammo bugungi uchrashuv matbuotdagi eng
yaxshi va esda qolarli uchrashuvlardan bo‘ldi. Fikr almashib, tanqidchilardan bizning
foydamizga bo‘lgan takliflar oldik.
Nargiza: — "Ummon"chilar boshqalarga o‘xshab qo‘shiqlarini
radio, TV orqali reklama qilib tanilmadi. Ular havas uchun kuylab yurishganda,
yoshlarning o‘zi qo‘shiqlarini topib tingladi. Xulosam shuki, oqlovchi bo‘lib
adashmagan ekanman. "Ummon" guruhining hali o‘qimay turib shuncha
yutuqqa erishganining o‘zi katta gap. Asosiysi, ular izlanishda va xatolarini
tuzatishga harakat qilishmoqda. Bilmaslik ayb emas, o‘rganmaslik ayb. Ular
esa o‘rganishmoqda.
Abdulaziz: — "Ummon” guruhi yigitlari ijodidagi ayrim kamchiliklarni
o‘zlari bilan muhokama qilib shunday xulosaga keldimki, ijodkorlar yosh
bo‘lishiga qaramay tanqidlarni xolisona qabul qilishlari bilan o‘rnak bo‘lishga
arziydi. Hatto ular muhokama so‘nggida "Aytilgan tanqid va takliflaringizni
albatta inobatga olamiz”, deya fikrlarimizni odob bilan qabul qilishdi.
Kelajakda guruh qo‘shiqlaridagi so‘zlar ma’nosi, she’riy qofiyalar va kliplari
mazmuniga e’tiborli bo‘lishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Manba:darakchi.uz