Ulug‘bek Rahmatullayev: “Kelajakda bizni katta o‘zgarishlar kutayotganiga ishonaman
2016 yil 4 dekabr sanasi O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi uchun muhim sana. Shu kuni xalqimiz o‘z Prezidentiga ovoz beradi. Bu borada bugun san’atkorlar juda faol. Xalqimiz sevgan xonandalarimiz shu vaqtgacha ovoz berishga ulgurishdi. Ular orasida Ulug‘bek Rahmatullayev ham bor.
O‘z tanlovini amalga oshirgan Ulug‘bek Rahmatullayev O‘zbekiston Respublikasi siyosatidagi muhim jarayon haqida quyidagicha fikr bildirdi:
“Albatta, saylov va saylovda ishtirok etish men uchun, qolaversa, oilamiz uchun muhim ahamiyatga ega. Men tanlagan nomzod farzandlarimiz kelajagi uchun xizmat qiladi, deb o‘ylayman. O‘zbekiston kelajagida ham barchamizni katta o‘zgarishlar kutayotganiga ishonaman. Bunday muhim sanada har bir inson shaxsan ovoz berish tarafdoriman.
Biz ham oila a’zolarimiz bilan 632-saylov uchastkasiga keldik va har birimiz o‘zimiz uchun alohida ovoz berdik. Barchani saylovda ishtirok etishga chorlayman va har bir inson o‘zi uchun shaxsan ovoz berishini so‘rayman. Har bir ovoz ahamiyatga egaligini unutmaylik”.
Avval xabar berganimizdek, Prezidentlik saylovida bir kishi butun oila a’zolari nomidan ovoz berishi qat’iyan taqiqlangan. Shunday ekan, har bir saylovchi o‘z ovoziga ega bo‘lsin va kelajak uchun ovoz bersin