Ucell o‘z mijozlariga “o‘lmadingizmi?” deb savol berdi
Ucell kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlar va boshqa vositalar yordamida o‘z mijozlarini Toshkentdagi JobFair-2015 ko‘rgazmasiga taklif etarkan, ularga “o‘lmadingizmi?” deb savol berdi.
Kompaniyaning Facebook’dagi sahifasidagi e’longa ilova qilingan fotosuratda, o‘zbek lotin yozuvida shunday matn keltirilgan: “Siz hali martaba yuksaklikka yetib o‘lmadingizmi? Bizga qo‘shiling”.
Matndagi birinchi gapda “yuksak martaba” jumlasi xato yozilgan, ayni vaqtda, katta ehtimol bilan, “olmadingizmi” so‘zi “o‘lmadingizmi” deb xato berilgan.
Xuddi shunday xato bilan yozilgan reklama materiallari JobFair-2015 ko‘rgazmasi tashrifchilariga ham tarqatilgani aytilmoqda. “Men hozircha tirikman. Ucell o‘lganiga ancha bo‘lgan”, – deb kinoya bilan ushbu holatga munosabat bildirgan Facebook’dagi “Professional va havaskorlar tarjimonlar guruhi” a’zosi.