Ko‘pincha fojialar haqidagi yangiliklarda kuzatilganidek,
bir haftadan buyon dunyo ahli e’tiborida bo‘lib kelayotgan voqealar – afsonaviy
avtopoygachi Mixael Shumaxerning holati borasida ham yolg‘on xabarlar chiqa
boshladi. Ommaviy axborot vositalari, ishonchli bo‘lmagan manbalarga tayangan
holda, hatto uni "o‘ldi”ga ham chiqarishgan, deydi Tjournal.ru sayti.
Twitter’da Shumaxerning o‘limi haqidagi ilk tvit Gazeta.ru
saytining norasmiy akkauntida paydo bo‘lgan. Mazkur akkaunt saytning o‘ziga
havola bergan holda yangiliklar sarlavhalarini e’lon qilib kelayotgani bois
xuddi haqiqiydek taassurot uyg‘otdi.
Agence France-Presse’ning xabar manbasi sifatida
ko‘rsatganligi va akkaunti haqiqiysiga monandligi ish berib, uning Shumaxer
o‘lganligi haqidagi tvitini @rutnet1 degan foydalanuvchi ko‘chirib olib, ancha
ommabop bo‘lgan Big Picture mikroblogida e’lon qilgan. Ko‘pchilik o‘quvchilar
ishonishmasa-da, avtopoygachining vafoti xususidagi xabar yana taxminan yarim
soat davomida tarqalgan.
https://twitter.com/bigpictureru/statuses/419400341327978496
Oradan sal
vaqt o‘tib, Gazeta-Sport rasmiy mikroblogi Shumaxer o‘limi haqida xabar bergan.
Mazkur tvitda AFP haqida gap yo‘q, berilgan havola esa "Shumaxer og‘ir ahvolda”
sarlavhali xabarga eltar edi.
Ammo yana
bir necha daqiqa o‘tib, Gazeta-Sport bu xabarini saytdan o‘chirgan, uning
tvitlarida esa bu boradagi xabari uchun kechirim so‘ralgan. Shuningdek,
@rutnet1 ham, mazkur chalkashliklarni boshlab bergan Gazeta.ru’ning soxta
akkaunti ham bu haqdagi tvitlarini o‘chirib tashlashgan.
29-dekabrda
mashhur avtopoygachi Mixael Shumaxer Alp tog‘larida chang‘i uchayotib, boshidan
jarohat olgan va hozirgacha kasalxonada sun’iy koma holatida, jiddiy nazorat
ostida saqlanmoqda. Keyingi kunlarda uning salomatligi barqarorlashganligi
aytilmoqda, ammo Shumaxer tildan qolishi va tanasining yarmi ishlamay qolishi
ehtimoli mavjudligi haqida ham xabar qilingan.