Xafa bo‘lganimizda ko‘nglimiz beixtiyor shirinlik tusayotganini sezmay qolamiz. Shirinlikka o‘chlik ham tobelik hisoblanadi. Shu sabab, kayfiyatni ko‘tarish uchun qomatga ta’sir ko‘rsatmaydigan boshqa mahsulotlarni iste’mol qilgan yaxshi.
Qand miya faoliyati uchun foydali, usiz xotira pand yeydi, yangi narsani yod olish ham qiyin, degan fikr mavjud. Qisman bu to‘g‘ri, faqat gap qandda emas, balki organizmning har bir hujayrasi uchun quvvat manbai bo‘lmish glyukozada.
Uglevodlar foydalimi?
Shirinlik va xamirli taomlardan vazn ortishi barchaga ma’lum. U holda glyukozani qaerdan olish kerak? Albatta, uglevodlardan. Faqat shokolad kabi tez emas, masalan, yormalar, meva yoki sabzavotlar kabi sekin o‘zlashtiriladigan uglevodlardan. Nonushtaga bo‘tqa yoki bug‘da pishirilgan sabzavotlarni yeng. Ular qorinni uzoq vaqt to‘q tutadi, kaloriyalari esa oz. Agar tushlikkacha shirinlik xohlasangiz, konfet o‘rniga olma yeyishingiz mumkin. Bu foydali tamaddi qomatingizga zarar yetkazmaydi.
Qancha qand yeyish mumkin?
Ko‘pchilik ortiqcha vazn bilan kurashishda uglevodsiz parhezlarni tanlab, qanddan umuman voz kechadi. Bu ikkita sababga ko‘ra noto‘g‘ri. Birinchidan, qattiq cheklashlar parhezning buzilishi va yanada ko‘proq vazn ortishiga olib keladi. Ikkinchidan, miyaning yaxshi ishlashi uchun glyukoza kerak va u baribir glyukozani taomdan bo‘lmasa, mushak to‘qimasidan oladi. Bu esa organizmning umumiy kuchsizligi, tez charchash, moddalar almashinuvining buzilishi va uzoq davom etuvchi tushkunlik holatiga olib keladi. Shuning uchun qandni me’yorida iste’mol qilish kerak. Umumiy qand iste’moli kundalik taom kaloriyasining 10 foizidan oshmasligi lozim.
Agar siz o‘rta yoshlardagi ayol bo‘lsangiz va u qadar og‘ir bo‘lmagan mehnat bilan shug‘ullansangiz, oladigan kundalik kaloriyangiz o‘rtacha 2000 kkalni tashkil qiladi. Demak, siz qomatingizga zarar yetkazmagan holda kuniga 50 g qand iste’mol qilishingiz mumkin, bu taxminan 5 choy qoshiq degani. E’tibor bering, bu yerda choyga solinadigan rafinad qandi emas, kundalik miqdor, shu jumladan, xarid qilingan mahsulotlardagi yashirin qandlar ham nazarda tutilmoqda.
Konfetmi yoki kotlet?
Qomatingizga befarq bo‘lmasangiz, taom tayyorlayotganda masalan, bo‘tqaga, kompotga shakar qo‘shmaslikni o‘zingizga odat qiling. Sut mahsulotlari — kefir, tvorog, ryajenka, yogurtning shakarsiz turlarini xarid qiling. Puding, shirin yogurt, tvorogli massalar kabi shirinliklarni xarid qilmang. Ular tarkibida shakardan tashqari ta’mni kuchaytiruvchi moddalar, shuningdek, xavfli yog‘lar bor.
Agar shirinlik yegingiz kelsa, marmelad, zefir kabi foydali shirinliklarni tanlang. Ularni ham me’yorida iste’mol qiling.
Xafa bo‘lganingizda banan, yong‘oq, suli bo‘tqasi, baliq yoki pishloq yeng. Bu mahsulotlar (me’yorida) qomatga zarar yetkazmaydi va kayfiyatni ko‘taradi.
Ba’zida shirinlik yeyish istagini oddiy ochlik bilan adashtiramiz. Shunda shirinlik o‘rniga go‘shtli taom yeyish mumkin. Parhezshunoslar yog‘li taomning qomat uchun shakar kabi u qadar xavfli emasligini ta’kidlashadi. Qolaversa, yog‘li go‘shtni ko‘p yeyolmaymiz, shirinlik esa qancha yesangiz ham me’daga tegmaydi.
Qand o‘rnini bosuvchi mahsulotlar
Qand o‘rniga quruq meva, fruktoza va qand o‘rnini bosuvchilarni iste’mol qilish foydali hisoblanadi.
Quruq mevalar tarkibida qandlar ko‘p va ular juda kaloriyali. Shu sabab, ularni cheklangan miqdorda — bir-ikki donadan iste’mol qilish kerak. Ikkinchidan, xaridorgir quruq mevalarni foydali deb bo‘lmaydi, ularning tovar ko‘rinishini saqlash hamda saqlash muddatini uzaytirish uchun ishlab chiqaruvchilar turli ayyorona usullarni qo‘llashadi. Qoqi, qora olxo‘ri, mayiz, xurmo va xokazolarni sog‘liq uchun zararli eritmalarda ivitishadi. Agar quruq mevalarni do‘kon yoki bozordan xarid qilsangiz, iste’mol qilishdan oldin albatta qaynoq suvda yuving.
Fruktoza qand o‘rnini bosuvchilarning eng yaxshisi hisoblanmaydi. U jigar tomonidan hazm qilinadi. Shuning uchun uni mevalardan olganimizda jigar buni uddalaydi, qand o‘rniga meva qiyomlarini iste’mol qilsak, jigarga katta yuklama tushadi va bu uning faoliyatidagi buzilishga sabab bo‘lishi mumkin.
To‘g‘ri ovqatlanish tarafdorlari tabiiy qand o‘rnini bosuvchi moddalar (steviya, ksilit, sorbit)ni tavsiya qilishadi. Ammo ularning qanddan shirin va kaloriyali ekanligini unutmaslik kerak. Shu bilan birga ular o‘ziga xos ta’mga ega.
J.ABDURAHMONOV tayyorladi.