Toshkentda mashinalarning eshigiga qulf osib ketayotgan shaxs ushlandi
Avvalroq Toshkentda noma’lum shaxs avtomobil eshigi ushlagichiga qulf osib, uni ochish evaziga haydovchilardan pul talab qilayotgani haqida xabar bergandik.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, olib borilgan tezkor tadbirlar davomida, ushbu harakatlarni sodir etishda gumonlangan 29 yoshli M.A. ushlangan.
Xolislar ishtirokida uning yonidan 2 dona kodli qulflar topilib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Suhbat davomida u internetda shunday “pul ishlash” usulini ko‘rib, undan foydalanishga qaror qilganligini aytgan.
Rejaga ko‘ra, u qulfni avtomashina eshigining ushlagichiga osib, haydovchiga qulfni ochish uchun kod raqamini sotib olish taklifi yozilgan xat qoldirgan. Ko‘rsatilgan hisob raqamiga pul mablag‘lari kelib tushgandan so‘ng, qulf kodini yuborishi kerak bo‘lgan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, uning natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinadi.