Prezident qarori bilan joriy yilgi test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkazilishi belgilandi.
Shuningdek, joriy yilda ham test natijalari DTMning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Faqat ball e’lon qilishda tartib biroz boshqacharoq bo‘ladi.
Ya’ni abiturient test sinovidan to‘plagan ballari haqidagi ma’lumotni test topshirgan kunining ertasiga bilishi mumkin. Lekin ertasi kuni faqat necha ball to‘plaganini bila oladi, kirgan-kirmaganini emas.
Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmaganiga oid ma’lumotni esa test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida DTM saytidan ko‘rib olishi mumkin.
Nima uchun bunday bo‘ladi?
Chunki joriy yildan boshlab abiturient bir paytning o‘zida 3 ta yo‘nalishga hujjat topshira olishi rasman tasdiqlandi. Shuning uchun ham abiturientning o‘qishga kirgan yoki kirmaganini 1 kunda aytish imkonsiz.
Misol tariqasida tushuntiraman. Xorazmlik abiturient O‘zMU, TATU hamda UrDUga hujjat topshirdi deylik. Testga Urganch shahrida 3 avgust kuni kirdi. O‘z-o‘zidan endi avvalgi yildagidek, falon OTMning testi 1 avgustda, piston OTMning testi 3 avgustda degan narsa bo‘lmaydi, bu yil OTMlar aralash bo‘ladi. Faqat yo‘nalishlardagi fanlar blokiga qarab abiturientlar kunlarga va pavilonlarga ajratiladi.
Shundan kelib chiqib, 3 avgust kuni test topshirgan abiturient hali yakuniy natijani bila olmaydi, chunki u kabi O‘zMU, TATU yoki UrDU uchun hujjat topshirgan abiturientlar 5 yoki 10 avgustda ham testga kirishi mumkin.
O‘shanchun ham avval hamma test topshirib bo‘lishini kutish kerak. Yakuniy natija shundan keyingina ma’lum bo‘ladi.