Gulnora Imomnazarova, gastroenterolog-gepatolog, oliy toifali shifokor
Miya hujayralari va ishlash qobiliyati uchun
Sut ozuqaviyligi yuqori bo‘lgan va yengil o‘zlashtiriladigan mahsulot hisoblanadi. O‘rtacha 500 gr. sut bizga sutkalik quvvatning uchdan bir qismini beradi. Organizmning salomatligi kislota-ishqor muvozanati yoki pH 7,36-7,42 ni ushlab turish bilan saqlanadi. Ushbu muvozanatning buzilishi turli kasalliklarga olib keladi. Organizmni me’yorga keltirish uchun organik kislotalarni qabul qilish zarur. Sut va qatiq mahsulotlari esa ana shu kislotalarga boy.
Sut tarkibida organik kislotalardan tashqari triptofan kabi o‘rni bosilmaydigan aminokislota mavjud. Asab hujayralari tiklanmaydi degan keng tarqalgan fikrga qaramasdan miya hujayralarini yangilash va uning normal faoliyati uchun o‘rni bosilmaydigan aminokislotalar, birinchi navbatda, yong‘oq, go‘sht va sut tarkibida mavjud bo‘lgan triptofan, fenilalanin va leysin juda zarur.
Triptofan yordamida organizmda serotonin va melatonin sintezlanadi. Serotonin kayfiyatni ko‘taradi, aqliy va jismoniy ish qobiliyatini oshiradi. Tushkunlik paytida serotonin miqdori sezilarli darajada pasayishi isbotlangan. Tabiiy yorug‘lik kamayganida (qosh qoraygan paytda) serotonindan uyqu kelishiga ko‘maklashadigan, uning sifati va davomiyligiga ta’sir ko‘rsatadigan melatonin moddasi hosil bo‘ladi. Qadimgi Ayurveda reseptlarida bedorlikda sut, asal, muskat yong‘og‘i aralash tarkib tavsiya etilgan.
Suyaklar mustahkamligi uchun
Kalsiy o‘ziga xos mineral. Uni o‘zlashtirish uchun bir nechta shart talab etiladi. Jumladan, fosfor, magniy, kaliy miqdori kalsiy miqdoridan ko‘p bo‘lmasligi, shuningdek, optimal yog‘ miqdori bo‘lishi shart. Ushbu mikro- va makroelementlarning barchasi sutda ideal tarzda muvozanatlashtirilgan. Demak, sut tarkibidagi kalsiy juda yaxshi o‘zlashtiriladi.
Sut yog‘i organizm tomonidan sintezlanmaydigan va ovqat bilan birga tushishi kerak bo‘lgan o‘rni bosilmaydigan yog‘li kislotalarning to‘laqonli manbai hisoblanadi. U boshqa hayvon yog‘larida deyarli mavjud bo‘lmagan A, D, Ye va K vitaminlariga boy. Sutda V guruhiga kiruvchi vitaminlar, S, RR vitaminlari ham bor.
Sut yog‘i va xushbichimlik
Sutga qarshi bo‘lganlarni qiynaydigan masala bu – yog‘. Biroq sutda, hatto yog‘lilik darajasi 3,2% bo‘lgan sutda ham (100 gr. mahsulotda bor-yo‘g‘i 3 gramm) juda kam miqdorda yog‘ mavjud. Endi ortiqcha vazn to‘g‘risida. 2007-2009 yillarda Koreyada sut iste’moli darajasi va semirish o‘rtasidagi teskari korrelyatsion aloqani aniqlagan tadqiqot o‘tkazildi. Unga ko‘ra, har kuni sut iste’mol qilgan odamlar semirishdan ancha kam aziyat chekkan. Katta yoshli organizmga sut zararli degan fikr – xato. Sut yog‘i 95 foizga o‘zlashtiriladi. Agar sut zararli bo‘lganida, u organizm tomonidan bu darajada o‘zlashtirilmagan bo‘lardi. Demak, organizmimiz yetarli darajada aqlli.
Oshqozon yarasi borlarga yordam
Agar oshqozon shirasining kislotalilik darajasi yuqori bo‘lsa, unda sut og‘izga aylanayotganida oshqozondagi erkin kislotaning ko‘p qismini o‘ziga tortadi. Shu tariqa oshqozon shirasining umumiy kislotalilik darajasi vaqtinchalik pasayadi. Buni oshqozon yarasi bor har bir kishi biladi. Xlorid kislota gipersekresiyasi tomonidan keltirib chiqarilgan og‘riqlarda oq nondan qilingan qoq non va sut yordam berishi mumkin.
Va aksincha, oshqozon shirasining kislotalilik darajasi past bo‘lganida yoki xlorid kislota umuman yo‘q bo‘lganida sut oshqozonda og‘izga aylanmaydi. U birlamchi ishlovdan o‘tishi kerak bo‘lgan joy – oshqozondan o‘zgarmagan tarzda ichakka o‘tadi, bu yerda u hazm bo‘lmaydi. Kislotalilik nol bo‘lganida esa sutni faqat ichak mikroflorasigina parchalashi mumkin. Shunday qilib, oshqozon shirasining kislotalilik darajasi qanchalik past bo‘lsa, sutni iste’mol qilish shunchalik kamroq foydalidir. Bunday hollarda sut o‘rniga juda foydali bo‘lgan qatiq mahsulotlarini qabul qilgan ma’qul. Ular chirituvchi patogen mikroflorani zaiflashtirishga, ichakning harakat funksiyasini yaxshilashga yordam beradi.
Sutni to‘g‘ri ichamiz
Birinchi va eng muhim qoida: sut yangi bo‘lishi kerak. Biz shaharlarda yangi sog‘ilgan sutni xarid qilish imkoniyatidan deyarli mahrummiz. Shu bois ich buzilishlari va og‘ir infeksiyalarning oldini olish maqsadida xususiy sutchilardan xarid qilingan sutni qaynatish zarur. Shuningdek, sut ichimlik emas, balki ovqat ekanini ham unutmaslik darkor. Sut yengilroq hazm bo‘lishi uchun uni och qoringa kichik ho‘plamlar bilan, yaxshi hazm bo‘lishi uchun og‘izda uzoqroq ushlab turgan holda, ichgan ma’qul. Laktozani qisman ko‘tara olmaydigan odamlar, bundan mustasno, albatta. Ular sutni biror-bir qattiq mahsulot bilan aralashtirgan holda ichishlari kerak, bu sutning foydasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasdan laktozaning o‘zlashtirilishini sezilarli darajada sekinlashtiradi.
Sut ichgandan so‘ng bir-bir yarim soat davomida ovqat tanovul qilmagan ma’qul. Shuningdek, sutni juda sovuq holda iste’mol qilish ham tavsiya etilmaydi. Past harorat ovqat hazm bo‘lishini qiyinlashtiradi. Oshqozon-ichak trakti uchun sutli musslar, pudinglar, ko‘pirtirilgan qaymoqli reza mevalar va mevalar juda foydali. Biroq ularni yaxshisi tushlikdan so‘ng tanovul qilish kerak. Sutni yangi uzilgan sabzavotlar, bodring, olxo‘ri, tuzlangan, dudlangan baliq va kolbasalar bilan aralashtirish mumkin emas. Shu bilan birga sutni shirin kulchalar bilan ham ichish nojoiz. Bu holda ichakda meteorizm va qorin og‘riqlarini keltirib chiqaruvchi achish jarayoni boshlanadi. Buning ustiga shirin kulcha va sut juda kaloriyali ovqat hisoblanadi.