Zamira opa — qiz uzatgan, kelin tushirgan, nevarali, quda-andali ayol. Farzandlari ham esli-hushli, mehnatsevar. Ammo kenja qizi Salimaning negadir baxti ochilmayotgani uni tashvishlantirardi. Nazarida shu qizi “o‘tirib qolgan”. Kimdir uning “baxtini bog‘ladi”mikan? To‘g‘ri-da, bo‘lmasa ko‘zga yaqin, qo‘l-oyog‘i chaqqon, oydekkina qizi 24 yoshgacha ham baxtini topmaydimi?!
Shunday kunlarning birida ko‘cha eshigini ochgan kelini Shohista “Oyijon, sovchilar keldi”, degan xushxabar keltirdi. Yuragi hapriqib chopib chiqqan Zamira opa eshik yonida turgan ikki ayolni ko‘rdi. Zamira opa ularni o‘zbekka o‘xshatmadi, ammo ular o‘zbekmiz, deyishdi ishonch bilan.
Sovchilar bo‘lg‘usi kuyovning toparmon-tutarmon ekanligini, biroq uylanmoqchi bo‘lgan qizining tibbiy ko‘rik paytida homiladorligini bilgach, ruhiy tushkunlikka tushib qiynalganligini, Yangiyo‘ldagi “Sohil” do‘koniga kelgan vaqtida sotuvchi bo‘lib ishlayotgan Salimani ko‘rib, yoqtirib qolganligini aytishdi.
Sovchilardan biri Zamira opadan Salimaning suratini olib ko‘rar ekan, bosh chayqadi:
— Qizingizni kimdir o‘qitgan, yomon amali bor, o‘qimasa baxti ochilmaydi. Arzimagan pulga o‘qib, tozalab qo‘yaman.
— Sizlar sovchisiz-ku, qanday qilib...
— Men kuyov bo‘lmish yigitning tutingan opasiman. Uni ham o‘zim “qaytarma” qilganman.
Sharofatning dalil-isbot bilan gapirishi Salima opada shubha-gumonga o‘rin qoldirmadi.
Qizining baxti bog‘langanligi haqidagi taxminlari to‘g‘ri chiqqanligini bilgan ona “folbin sovchi”larning hamma topshirig‘ini so‘zsiz bajardi: birpasda nina, oq paxta, oq ip, qora selofan, 7 dona shag‘al tosh va 7 dona tilla buyumlar muhayyo qilindi. Zamira opa qizining qarshiligiga qaramay, o‘zining, erining va hatto kelinining ham tilla buyumlarini yig‘ib keldi. “Sovchi” ularga birma-bir qon surdi, irim-sirimini qilib, selofanga o‘rab, 3 soatgacha yechmaslik sharti bilan beliga bog‘lab qo‘ydi.
Zamira opa shunday xursand ediki, hatto sovchilarning xatti-harakatidan hayron bo‘layotgan qizi Salimaning savollariga ham hammasini uch kundan keyin bilasan, deb qo‘ya qoldi.
Bezovtalanib qolgan Salima opasi Malohatga qo‘ng‘iroq qildi:
— Opa, uyga sovchilar kelishdi, boshqacha shevada gapirishar ekan. Onam ularga hamma tillalarni olib chikib berayapti.
Malohat sergak tortdi: “Ular sovchilar bo‘lishsa, nega tillalarni so‘rashadi?”
Malohat shoshib darvozadan kirib kelar ekan, ketishga chog‘lanib, hovlidan ko‘chaga otlanayotgan, ko‘rinishidan lo‘li millatiga mansub ayollarga ko‘zi tushdi.
— Bular kimlar?
— Sovchilar! — dedi Zamira opa.
— Tilla taqinchoqlar qani?
Malohatning vajohatidan qo‘rqib ketgan “sovchi”lardan biri Zamira opani hovlidan ichkariga tortdi. Uning belidagi “baxt yo‘lini ochuvchi” tugunchaning bog‘langaniga hali uch soat bo‘lmagan bo‘lsa ham tezlik bilan yechib olib, divan orqasiga otdi va o‘zining ichkiyimiga yashirgan tilla taqinchoqlar o‘ralgan yana bir tugunchani chaqqonlik bilan Zamira opaning qo‘liga tutqazdi. U shunday tez harakat qildiki, Zamira opa bir xil tugunchalar ikkita ekanligini, beliga bog‘langan tuguncha tilla emas, shag‘al toshga to‘la ekanligini sezmay ham qoldi.
Malohat shubhalari o‘rinli ekanligini angladi-yu, Yangiyo‘l tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlarini yordamga chaqirdi...
Tergov jarayonida haqiqat oydinlashdi: “sovchi”lardan biri — ikki farzandning onasi Sharofat Aliyev Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahrida istiqomat qiladi. U jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar, Pastdarg‘om, Toyloq, Shahrisabz, Qiziltepa, Dehqonobod va Koson tuman sudlarining hukmi bilan O‘zbekiston Rekpublikasi Jinoyat qodeksining turli moddalari bo‘yicha sudlangan.
Guljahon G‘aniyev Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida tug‘ilib o‘sgan. 5 nafar farzandning onasi bo‘lsa ham savodsizligi boismi yoki “Qovun qovundan rang olar” deganlaridek, qaynopasidan “o‘rnak” olganmi, har holda jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar va Dehqonobod tuman sudlari tomonidan sudlanib, tegishli jazoga hukm qilingan.
O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlaridek, qaynopa-kelin go‘yoki davolanish maqsadida Toshkent viloyatiga kelib, bir uyni ijaraga olishadi. Ertasigayoq tilamchilik qilish va fol ochish maqsadida Yangiyo‘l tumanidagi mahallaga borib, ukasiga qiz izlab yurishganini, bo‘yi yetgan qizlar bor-yo‘qligini surishtirishadi. Bir ayol “sovchi”larga Zamira opaning uyini qo‘rsatib yuboradi...
Sharofat Aliyev xavfli residivist bo‘la turib, firibgarlik, ya’ni o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida jinoiy sherigi Guljahon G‘aniyev bilan oldindan jinoiy til biriktirib, umumiy bahosi 4 million so‘mlik turli xildagi 7 dona tilla buyumlarni qo‘lga kiritib, foydalanish yoki tasarruf etish real imkoniyatiga ega bo‘lmay turib, jinoyat ustida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan. Firibgar “sovchilar”ga adolatli qonunlarimizga asosan jazo tayinlandi.
Kishini boshqa savol mushohadaga chorlaydi: Zamira opaga o‘xshagan ayollarimizni hayotda ko‘pni ko‘rgan, oq-qorani tanigan kayvoni onaxonlar deymiz. Ularning dinimizda la’natlangan sehru jodu, irim-sirimga ishonib, tanimagan-bilmagan begona ayollarning firiblariga uchganlarini qanday izohlash mumkin? Hatto oramizda folga ishonib, kelini, qo‘shnisi yoki opa-singlisi bilan yuz ko‘rmasga aylanganlar ham, misqollab yiqqanini in’om etib yuborganlar ham uchraydi. Bunday soddalik va ishonuvchanlikning natijasi esa faqat afsus va nadomatdir.
Bahrom TOShPO‘LATOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tumani sudining raisi,
Saodat MATYoQUB qizi, “Adolat” muxbiri