- Bundan uch yil oldin bir yigit bilan tanishib qoldim. Avvaliga do‘stona gaplashib yurdik. U menga chiroyli so‘zlarni aytar, ko‘nglimni olish uchun mehribonlik qilardi. Uning shirin gaplari es-hushimni o‘g‘irladi, juda ham bog‘lanib qoldim. U ham menga befarq emasdek edi. Ammo... Hozir umuman ko‘rishmaymiz, gaplashmaymiz. Men uni ortiq qiziqtirmay qo‘ydim. Biroq shunda ham tinch qo‘ymayapti. Sovchi qo‘ygan yigitlarni «Mendan qolgan qizga uylanasanmi?», deb aynitadi. Balki o‘zi sovchi jo‘natmoqchidir desam, jim – jit. To‘g‘risi, uni tushunmayapman. Bir tarafdan unda haliyam ko‘nglim bor. Boshqa yigitga turmushga chiqishni sira tasavvur qilolmayman. Menga maslahat bering.
Dinora, 21 yosh
Mutaxassis – Aziza TOShXO‘JAYEVA, psixolog
— Har bir inson uni sevib, ardoqlaydigan, tushunadigan, g‘amxo‘rlik qiluvchi umr yo‘ldoshi bo‘lishini niyat qiladi. Aksariyat qizlar, sevib, sevilib turmush qurishni istashadi. Muhabbat esa qalblarga so‘roqsiz kirib keluvchi, ayni o‘smirlik davrida vulqondek otilib turuvchi tuyg‘udir.
Mushtariy murojaatida avval muhabbat haqida, so‘ng uning so‘nishi hikoya qilingan. Xo‘sh, nega shunday bo‘ldi? Qizgina sevgi deb bilgani aslida ham shundaymidi? Quyida insondagi go‘zal tuyg‘ularning so‘nishiga olib keluvchi omillarga to‘xtalamiz.
Muhabbatni shartli ravishda bir necha bosqichlarga bo‘lish mumkin. Bular:
«Muhabbatning ko‘zi ko‘r». Yigit va qiz tanishib, uchrasha boshlashgach, o‘zaro munosabatlar vujudga keladi. Bu mahalda ular bir-birining kamchiliklarini ko‘rishmaydi. Faqat yaxshi jihatlar, tashqi ko‘rinish muhim bo‘ladi, xolos. Ikkisini kuchli his-hayajon, tuyg‘ular boshqaradi.
«Sevadi-sevmaydi...» Vaqt o‘tib, yigit va qiz munosabatida o‘zaro qiziqishlar, dunyoqarash, fikrlar xilma – xilligi yuzaga chiqadi. Doimiy suhbatlar davomida ular bir-biri haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ladi. Oila a’zolari bilan sirtdan tanishuv bo‘lib o‘tadi. Ayni pallada yigit va qiz o‘z oilalarini bir – biriniki bilan solishtirishi mumkin. «Biz bir – birimizga to‘g‘ri kelmas ekanmiz» deguvchilari ajralishadi. Aksincha, fikrlagani esa turmush quradi. Yigit va qizning til topishishi qiyin kechsa, oilalar o‘rtasida katta tafovut bo‘lsa, oxir – oqibat ularning munosabati ko‘pga bormaydi. Aql va qalb jangida aql ustunlik qiladi, biroq yurak buni tan olmay azoblanadi.
Sog‘inch. Qalb mag‘lub bo‘lgach, hissiyotlarning so‘nishi oson bo‘lmaydi. Yoqimli onlarni sog‘inish, chiroyli so‘zlarni qo‘msash – bir so‘z bilan aytganda yurakning azoblanish davri boshlanadi. «Muhabbatning ko‘zi ko‘r» bo‘lgani uchun qiz yigitning harakatlarini anglolmaydi va «Avval undaymasdi, yaxshiydi-ku», deydi.
Munosabatlar tugadimi, bundan buyog‘iga aql bilan ish ko‘rish lozim. Mushtariyimiz hali ham yigitda ko‘ngli borligini aytibdi. To‘g‘ri, yurakka qarshi chiqish qiyin. Ammo endi munosabatlarni davom ettirish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi? Deylik, yigit bilan yarashib, yana ahdlashdingiz. U bilan baxtli bo‘lishingizga ishonasizmi? Bir to‘xtamga kelishdan oldin ushbu savollar haqida o‘ylab ko‘ring. U bilan kelajagingizni ko‘rolsangiz, unga ishonsangiz yuzma – yuz gaplashib oling. U nima istayapti, nega sovchilarni qaytaryapti bilishga haqlisiz.O‘z – o‘zingiz bilan savol – javob qilishda ikkilansangiz, demak, hayotingizni u yigitsiz davom ettira olasiz.
Turmush qurishga shoshilmang
Bir muddat o‘y – xayollaringizga dam bering. O‘sha yigit haqida o‘ylamaslikka urinib ko‘ring. U bilan o‘tgan damlarni umuman eslamang.
Shunisi aniqki, har qanday munosabat inson qalbida iz qoldiradi. Mana shu iz ketishi, yara bitishi uchun vaqt kerak. Aksincha, ikkinchi munosabat qurilganida ham avval xatolarning takrorlanishi ehtimoli yuzaga keladi.
Sobiq seviklingiz sovchilarni aynitayotganiga aniq isbotingiz bo‘lsa, qo‘ng‘iroq qilib gaplashib oling. Nega bunday qilayotganini urish-janjallarsiz bosiqlik bilan so‘rang. Ana shunda ko‘p narsa ayon bo‘ladi. Lekin agar isbotingiz bo‘lmasa, bu masala shundayligicha qolgani ma’qul. Muhimi, siz baxtli bo‘lishingizga ishonsangiz, bas. Ichki ishonch insonning taqdirini hal qilar darajada kuch-qudratga ega, shuni unutmang!
Sizga maslahatimiz, asosiy vaqtingizni band etishi mumkin bo‘lgan mashg‘ulot toping. Til o‘rganing, pazandalik kurslarida o‘qing, fitnes bilan shug‘ullaning. Dugonalaringiz bilan uchrashing. Imkoni bo‘lsa, o‘zingiz yashab turgan xona jihozlari, atrofingizdagi muhitni o‘zgartiring.
To‘g‘ri, muhabbat, sog‘inch yana azoblashi, tuyg‘ular bosh ko‘tarib qolishi mumkin. Ammo siz bunga chalg‘imang. Kurashishda davom eting.
Har bir qiz uni qadrlaydigan, hurmat qiladigan, chin dildan sevadigan inson bilan taqdir yo‘llarini bog‘lashga loyiqdir. Siz taqdiringizda shunday inson borligiga ishoning!
Munisa ALIYEVA tayyorladi