Barselonada bo‘lib o‘tayotgan Mobile World Congress
ko‘rgazmasida Sony bir nechta yangi mobil qurilmalarini taqdim qildi. Ular
orasida navbatdagi flagman smartfoni – Xperia Z2 alohida e’tiborga loyiq.
Sony Xperia Z2 gadjetiga to‘rtta Krait yadroli yangi
Qualcomm Snapdragon 801 protsessori o‘rnatilgan, u 2,3 GGs chastotada ishlaydi.
Smartfon 4G LTE moduliga, 3 GB tezkor xotiraga va katta hajmli (3200 mAch)
akkumulyatorga ega. Uning suv o‘tkazmas korpusi (IP58) atigi 8,2 mm qalinlikka ega.
Xperia Z2 smartfoniga Full HD sifatli va 5,2 dyuym
diagonalli TRILUMINOS displeyi o‘rnatilgan. Mazkur displey LED Live Colour va
X-Reality texnologiyalari asosida mobil qurilmalar uchun maxsus ishlab
chiqilgan. Smartfoni 16 GB hajmli ichki xotiraga ega, unga yana microSD
kartochkalarini o‘rnatish mumkin.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, Xperia Z2 shovqinlarni raqamli
tarzda kamaytiruvchi texnologiyaga ega dunyodagi ilk smartfondir. Xperia
Z2’ning foto va videotasvir imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda: u
G-lens obyektivi, 20,7 megapikselli Exmor RS matritsasi hamda mobil qurlmalarga
moslangan BIONZ grafik protsessori bilan jihozlangan. Mazkur smartfondagi
tasvirlarni barqarorlashtiruvchi SteadyShot texnologiyasi yordamida 4K sifat
darajasida (soniyasiga 30 kadr) videoroliklar suratga olish mumkin.
Sony Xperia Z2 joriy yilning mart oyida sotuvga chiqarilishi
ma’lum qilinmoqda.
Manba:daryo.uz