Shohjahon Jo‘raev: Bizni sevganlar qarshisida doimo ta’zimdamiz
Bir necha kundirki, vodiy bo‘ylab el xizmatida yurgan xonanda Shohjahon Jo‘raev o‘zining Instagram`dagi sahifasiga qiziqarli video va foto lavhalarni joylashtirib bormoqda. O‘z taronalarini faqatgina jonli ijro etadigan san’atkorning ushbu faolligi bizni yangi bir loyihaga qo‘l urishga undadi.
Endilikda Kun.uz sayti orqali o‘zbek estrada san’atida o‘z o‘rni, o‘z ovoziga ega, ijtimoiy ahamiyatga ega ishlarni olib borayotgan shou-biznes vakillarining ijtimoiy tarmoqlardagi bir haftalik faoliyati aks etgan qiziqarli videorolik hamda fotosuratlarni jamlagan holda e’tiboringizga havola qilib bormoqchimiz.
Demak, yuqorida aytib o‘tganimizdek, loyihamizning birinchi qahramoni – Shohjahon Jo‘raev. Xonandaning “Instagram”dagi bir haftalik faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz, uning oddiy xalq ichida qizg‘in ijodiy faoliyat olib borayotganini ko‘rish mumkin. Qaerda bo‘lmasin, muxlislar, odamlar davrasida. Xalq orasida “Qo‘qon patir ko‘chasi” deb nomlanadigan non rastalari qatorida sotuvchilar qurshovida “Asakaning ko‘chasida” qo‘shig‘ini jonli xirgoyi qilib bergani tasvirlangan videoroliklardan biri fikrimizning yorqin misolidir.
Aksariyat videoroliklar esa xonandaning xalq xizmatida ekanida tasvirga olingan. Ana shunday videolardan biriga quyidagicha izoh berilgan: “Bizni sevganlar qarshisida doimo ta’zimdamiz”. Shohjaxon Jo‘raev - Qo‘qon patiri (jonli ijro)