Aktyor va taqlid ustasi Sherzod Saydialiyev (Sherzod Bin) ilk bor o‘zini rejissyor sifatida sinab ko‘rmoqda. Bugun, 23 sentabr kuni Sherzod Saydialiyevning ilk filmi “Qaysar oshiqlar” kartinasi tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi. Taqdimot marosimi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyi hamda “Kinochilar uyi”da bo‘lib o‘tadi.
Filmda bosh rollarni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ra’no Yarasheva, Elyor Nosirov, Lola Eltoyeva, aktyorlar Muhammadiso Abdulhairov, Asal Shodiyeva, Sherzod Saydialiyev, Jahongir To‘lqinov ijro etishgan.
Aslida filmning ishchi nomi “Uchrashguncha” deb nomlangan edi.
Sherzod Saydialiyev ilk bor o‘zini rejissyor sifatida sinab ko‘rmoqda. O‘z filmida ham rol o‘ynash, ham rejissyorlik qilish oson ish emas, albatta. Ish bor joyda kamchilik ham bo‘ladi, deganlaridek, yangi film ham kamchiliklardan holi bo‘lmasligi aniq. Ammo mazkur kartina o‘zbek kino san’atida keragidan ortib ketgan “xontaxta” filmlar qatoridan joy olmaydi, deb umid qilamiz.