Shavkat Mirziyoev prokurorlarning asosiy vazifalarini sanadi
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida bugun, 31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, bugun, 31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining kengaytirilgan yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi.
Yig‘ilishda mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va o‘zgarishlar jarayonida prokuratura organlari tomonidan qilinayotgan ishlar va ular oldida turgan vazifalar muhokama qilindi.
Davlat rahbari prokuratura organlari oldida turgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Prokuratura organlari xodimlari islohotlarni samarali amalga oshirishda o‘zlarining bor salohiyati, bilim va tajribasini safarbar etishi zarurligi ta’kidlandi. Qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlarning amaliy ijrosini so‘zsiz ta’minlash prokuraturaning eng muhim va dolzarb vazifasiga aylanmog‘i lozim.
Yig‘ilish ishtirokchilarining e’tibori farovon hayotimiz asosi bo‘lgan tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investorlarning mamlakatimizda erkin faoliyat yuritishi uchun sharoitlar yaratish prokuratura organlari tomonidan kafolatlanishi zarurligiga qaratildi.
Prokurorlarning sektorlar rahbari sifatidagi faoliyatida eng muhim vazifalaridan biri odamlar hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish maqsadida hududlarni rivojlantirishga ko‘maklashishdir.
Davlat boshqaruvini xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish prokuratura organlarining jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashdagi rolini kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoev yig‘ilishni yakunlar ekan, prokuratura xodimlari yuqori kasbiy malaka va yuksak insoniy fazilatlari bilan davlat organlari xizmatchilariga o‘rnak bo‘lishi, hamisha adolat va qonuniylik himoyasida turishi lozimligini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq Prezidentning Davlat maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Otabek Murodov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori etib tayinlandi.