Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

Shavkat Mirziyoev o‘ta muhim farmonni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini tartibga solish sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Respublikada vinochilik sohasini jadal rivojlantirish, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish sohasida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, ishlab chiqarish va eksport hajmlarini oshirish, alkogol mahsulotlari noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi negizida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik);
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining byudjetdan tashqari jamg‘armasi negizida Agentlikning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin.
2. Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
•    iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, vinochilik sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, shuningdek sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan kompleks dasturlarni amalga oshirish;
•    vinochilik xom ashyo bazasini mustahkamlashga va sanoatbop tokzorlar plantatsiyalarini kengaytirishga, vinochilik korxonalarini kompleks modernizatsiyalashga, zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etishga hamda vinochilik sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ko‘maklashish;
•    mahalliy vino tayyorlovchilarning xalqaro miqyosda raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish, shuningdek sohaga investisiyalarni jalb etishda uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qo‘llab-quvvatlash;
•    o‘zbek vinolarining milliy brendini yaratish va uni jahon bozorlarida keng targ‘ib qilish tadbirlarini amalga oshirish;

•    iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularning aylanmasi hajmlarini, shu jumladan zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish va rivojlantirish orqali monitoring qilish;
•    iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda texnik va texnologik normalarga rioya etilishi hamda saqlanish sifatini, shu jumladan ularni ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan xomashyo va yordamchi materiallar sifatini nazorat qilish.
3. Agentlik:
•    alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bo‘yicha faoliyatni lisenziyalash;
•    iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchilar tomonidan lisenziya talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
•    alkogol va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun korxonalar o‘rtasida iste’mol etil spirtini belgilangan tartibda taqsimlash bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining quyidagi vazifa va funksiyalari Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga o‘tkazilsin:
•    uzumning xo‘raki va kishmishbop navlari plantatsiyalarini kengaytirish, uzumchilikni jadal rivojlantirishga yo‘naltirilgan kompleks maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
•    uzumchilik korxonalarini kompleks modernizatsiyalashga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, eksport salohiyatini oshirish;
•    xorijiy va mahalliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va tarmoqning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilish orqali uzumchilik sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ko‘maklashish;
•    O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda uzum plantatsiyalarining elektron reestrini yuritish.
5. Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligining Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan yangi uzum plantatsiyalarini yaratish uchun quyidagi maqsadlarda subsidiyalar qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda ajratilishi belgilansin:
•    xo‘raki va kishmishbop uzum plantatsiyalarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish;
•    xo‘raki va kishmishbop uzum tokzorlarida irrigatsiya tadbirlarini o‘tkazish, jumladan suv yetkazib berish, artezian quduqlar, quvurlar va rezervuarlar barpo etish, suv yetkazib berish uchun nasos stansiyalari qurish, suv saqlash uchun sig‘imlar sotib olish.
Moliya vazirligi Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan ajratilishi belgilangan subsidiyalarning tegishli qismini 2020 yil 1 avgustdan boshlab Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligining Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratilishini ta’minlasin.
6. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining 2020 yil 21 iyul holatiga mablag‘lari qoldig‘ini qishloq xo‘jaligi sohasidagi investisiya loyihalarining so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlashni hisobga olgan holda Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasida taqsimlasin.
7. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2020 yil 1 avgustdan boshlab:
alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqiga ruxsat beruvchi guvohnoma cheklanmagan muddatga beriladi;
ishlab chiqaruvchilar tomonidan turistik yo‘nalishlarda tashkil etilgan degustatsiya hududlarida (joylarida) realizatsiya qilingan tabiiy vino (qadoqlangandan tashqari) mahsulotlariga nol darajali stavka bo‘yicha aksiz solig‘i solinadi;
ishlab chiqaruvchilar iste’mol etil spirtining 50 foiz haqini oldindan to‘lash shartlarida realizatsiya qilish huquqiga ega.
8. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.A. Abduxakimov) alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga turistlarni jalb qilish uchun turoperatorlarning yo‘nalish dasturlariga korxonaga tegishli degustatsiya hududlari kiritilishini tashkillashtirsin.
9. Agentlikka 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda alkogol mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda tegishli lisenziya yoki ruxsat guvohnomalarisiz ishlab chiqilgan va sotilgan, identifikatsiya vositalari bilan markirovkalanmagan, qalbaki aksiz markali yoki aksiz markasi mavjud bo‘lmagan alkogol va tamaki mahsulotlari haqida dalolat beruvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, maxsus vakolatli organni xabardor qilgan holda tekshirishlarni amalga oshirish vakolati berilsin.
10. Belgilansinki, iste’mol va texnik etil spirti 2021 yil 1 iyuldan boshlab real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan kuzatish tizimi (GPS) bilan jihozlangan hamda 2022 yil 1 yanvardan boshlab iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, ularning aylanmasi hajmini hisobga olish hamda uzumzorlarning yagona reestri axborot tizimiga integratsiya qilingan elektron hisoblagich o‘rnatilgan avtotransport vositalarida tashiladi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ikki oy muddatda mahalliy ko‘piklanadigan va tabiiy vino mahsulotlari reklamasiga quyidagi hollarda ruxsat berilishini nazarda tutuvchi tegishli qonun loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
•    mehmonxonalarda, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari savdo zalining ichki qismida hamda mahsulotlarni namoyish va degustatsiya qilish joylarida;
•    axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini ko‘rsatgan holda ishlab chiqaruvchi va savdo korxonalarining rasmiy veb-saytlarida;
•    temir yo‘l va havo transporti vositalarida;
•    ommaviy axborot vositalarida mahalliy vaqt bilan soat 23:00 dan 07:00 gacha namoyish qilinishiga.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–4162-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
14. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari O‘.I. Barnoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev

Toshkent shahri, 2020 yil 23 iyul
Sunnatilla Abdullaev


Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 18134 | Рейтинг: 0| Рейтинг: farmonni imzoladi, Shavkat Mirziyoev, o‘ta muhim
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 03:20
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное