O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev to‘ylarni keskin tanqid qildi va xalq dardini aytdi. Davlat rahbarining videoselektor yig‘ilishlaridan birida aytgan so‘zlari yozilgan audioyozuv ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
“Bosh vazirdan boshlab hokimgacha, ijro organi rahbariga to‘y-marosimga borishi man etiladi. Choyxonalarning yonida davlat mashinasi turganini ko‘rgan kunim ishdan olib tashlayman, jinoiy javobgarlikka tortaman. To‘y eng ko‘pi 150 kishiga, osh 200 kishiga bo‘ladi. Birorta rahbar uyida tug‘ilgan kunini ham, to‘yini ham mendan boshlab nishonlamaydi.
Bo‘ldi, u zamonlar tugadi endi, odamlarning g‘ashini keltiryapmiz, la’natini keltiryapmiz. Marosim ham, to‘y ham rahbarlarsiz bo‘ladi. Bosh vazir boradi g‘o‘dayib hamma muovini bilan, hamma turadi... Sen o‘sha qilgan 20 kilogramm go‘shtingni puliga bitta kambag‘alning uyiga borib kraska qilib ber, televizor olib ber, noinsof.
Qaror chiqadi, qaror! Prezident qaror emas, senatning qarori chiqadi. Qani birortang g‘ing deb ko‘r. U to‘yga borish endi man etiladi. Men o‘zim yuragimdan bilgan holda shuni aytyapman. U hammasi xiyonat bizning xalqimizga, ikkinchidan, to‘y qilishning me’yorini ham yozib beramiz.
Toshkentda to‘rtta qizi bor odam o‘zini osishi kerak, to‘y qilish uchun. Oddiy odam, oilali, byudjetdan oylik oladigan odam o‘zini osishi kerak. To‘rtta qizini erga berish uchun o‘zini ossa to‘g‘ri bo‘ladi. Nimaga?! Hech qanday imkoniyati yo‘q, baribir bechora qarz oladi, o‘ziga qaramaydi, do‘xtirga bormaydi, faqat shu to‘yga yig‘adi. Kimga kerak bu to‘y? Bo‘ldi, biz oldin tashviqot qilib ko‘rdik, bo‘lmadi bu tashviqot. Xiyonat qilyapmiz xalqimizga, to‘ylarni agar joyiga qo‘ysak, korrupsiya bo‘lmaydi, adolat paydo bo‘ladi. Hamma bir xil to‘y qiladi. Agar birorta rahbar, prokurormi, hokimmi, soliqchimi, chegarachimi, shu me’yordan chiqsa, o‘sha kuni ko‘rasizlar, qamayman hammani. Qaysi vazir yoki bosh vazir o‘rinbosari shunday to‘y qilishga qaydan oylik oladi? Hammasi o‘g‘irlik bu, agar buni tagini surishtirsak, o‘g‘irlik. Bu ham ana shu adolatsizlikni targ‘ib qiladi, hamma bilishi kerak. 110 kishi, 120 kishi, tamom. Juda borsa, ruxsat olib komissiyadan, 150 kishilik qiladi. Boshqacha to‘y bo‘lmaydi hech qaerda, juda yaxshi to‘y bo‘ladi, faqat yoshlar bo‘ladi to‘yda. Qariyalar non sindirishga boradi, yoshlar to‘yga boradi. Nima uchun buni aytyapman? Andijonda ham bu juda haligi ketgan, ertalabki to‘ylar, avvalo, ertalabki to‘ylar yo‘q bo‘ladi. Bo‘ldi endi, obedda soat birdan ikkigacha to‘y, kechqurun qaysi restoran to‘y qilsa, o‘sha restoranni yopamiz”, - degan prezident.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq "Mahalla" fondi va "Nuroniy" jamg‘armasi ham xalqqa to‘y-hashamlar bo‘yicha murojaat bilan chiqqandi.