O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sardor Rahimxon "Faridam estofetasi"ning g‘olibi bilan duet kuylashini aytgandi. Xonanda nihoyat va’dasining ustidan chiqdi. Duet "Narxi qancha mehrni, ayting?" deb nomlanadi. Xonanda yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash an’anasini davom ettirayotgani kishini quvontirmay qo‘ymaydi.
"Kundan kunga shu mavzudagi qo‘shiqni kuylab to‘g‘ri ish qilganimga amin bo‘lyapman. Oddiygina mehr-oqibatni arzimagan pul, mansab, shon-shuhrat kabi o‘tkinchi narsalarga osongina almashtirib yuborganlarni ko‘rib, fikrim yana o‘z isbotini topdi. Bunday holatlarga sira befarq qarab turolmayman. Chunki bizni bog‘lab turadigan uy-joy, kiyim-kechak, yangi rusumdagi avtomashina, pul, mansab emas, balki mehr-oqibatimiz, his-tuyg‘ularimiz. Aslida hayotimiz mazmuni qaysidir ma’noda kerak vaqtda bir-birimizga yordam qo‘lini cho‘za olishimiz emasmi?" deydi Sardor Rahimxon.