2017-yil. Tinchlik, ko‘ngil xotirjamligi, baxt-saodatga, qisqasi, faqat yaxshiliklarga boy yil bo‘lishini kutyapman. Yangi yilda nasib etsa, onamni hajga yubormoqchiman.
Jonli ijro. 4—5 soatlab jonli ijroda kuylay olaman. Jonli ijroda kuylagan xonandaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada oshadi, imkoniyat darajasini to‘g‘ri baholay oladigan bo‘ladi. Qolaversa, bu vaziyatda xonanda va tomoshabin orasida ham jonli muloqot yuzaga keladi. Lekin afsuski, jonli ijroni hamma ham birdek tushunavermaydi. Shaxsan o‘zim e’tibor bilan tinglanadigan davradagina jonli ijro bilan yig‘ilaganlarni xushnud etaman! Bu o‘zini hurmat qilgan san’atkorning prinsipi, deb bilaman.
Klip. Bugungi kunda, albatta, qo‘shiqlarning ommalashishida klipning o‘z o‘rni bor. Lekin bor kuch va urg‘uni klipga qaratish noto‘g‘ri. Har bir qo‘shiqning o‘z poydevori bo‘lishi shart! Masalan, “Do‘st” qo‘shig‘im qisqa fursatlarda klipsiz ham muxlislar ko‘nglidan joy olib ulgurgan. Klip orqali ommalashgan qo‘shiqlarim: “Bombey”, “Iya-iya”. Bu ijod namunalarim o‘zimga u qadar yoqmaydi va mazmunan boy qo‘shiqlar ham, deyolmayman.
Chegara. Har bir san’atkor o‘ziga qandaydir cheklovlar qo‘yishi tabiiy hol. Sahnaning talablariga javob berish maqsadida deyarli o‘n yildan buyon non yemayman va vaznimni bir me’yorda ushlab turishga harakat qilaman. Asosiy cheklovlar: istalgan yerga borolmayman, ovqatlana olmayman, oilam bilan sayr qilib, dam ololmayman.
Ruhshunos qabuliga bir marotaba borganman va tajribamda qayta bunday qabullar kuzatilmagan. Chunki ruhshunosga ehtiyoj sezmaganman. Yillar chig‘irig‘i, sinovlar odamni ruhshunos qilib qo‘yar ekan.
Ayol va karyera. XXI asrda yashayotganimizdan kelib chiqsak, ayol kishini to‘rt devor orasida o‘tirishini tasavvur qilish qiyin. Oilasiga xalal bermaydigan, turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlariga putur yetkazmaydigan ishda ishlab, karyera qilsa, nur ustiga a’lo nur. 24 soat bir yerda o‘tirish odamning ruhiyatiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada asabi yemirilib, oila a’zolari bilan munosabatlariga darz ketishi hech gap emas.