Yaqindagina saytimiz orqali “Yigit nolasi” nomli taronasini taqdim etgan Sardor Mamadaliev, mazkur qo‘shig‘iga videoklip suratga olish ishlarini boshlab yubordi. Trek janrida tasvirga tushirilgan musiqiy asarning videoklipi xonandaning doimiy hamkorlari “9999” studiyasi klipmeykerlari Xurshid hamda Nodir Sobirov tomonidan yaratilmoqda. Yakkaxon konsert dasturiga qizg‘in tayyorgarlik olib borayotgan bir paytda Sardor Mamadaliev muxlislari uchun yangi qo‘shiq va kliplarni taqdim etishni kanda qilmayapti. O‘ylaymizki, mazkur videoklip ham xalqimiz ko‘nglidan munosib joy egallaydi.
Eslatib o‘tamiz, “Yigit nolasi” taronasining so‘zi Mahmud Toir qalamiga mansub. Musiqasi esa Sardor Mamadaliev tomonidan bastalangan. Aranjirovkasi ustida Sherzod Ozodov ish olib borgan.