Rossiyalik ayol erining qarindoshlarini o‘ldirish uchun qotil yolladi
Rossiyaning Gelenjik shahrida yashovchi ayol erining qarindoshlarini o‘ldirish uchun qotil yollagani sababli, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi “RIA Novosti” nashri.
Gelenjik shahrida yashovchi 35 yoshli ayol eri o‘lgandan keyin meros talashmasligi uchun turmush o‘rtog‘ining og‘ir kasallikka chalingan otasini, akasi va rafiqasini o‘ldirish uchun qotil yollagan. Qotilga ayol 2 million 30 ming rubl va’da qilgan. Qotillik rejalashtirilayotganidan xabar topgan polisiyachilar yolg‘ondan qotillik bo‘lgani haqidagi suratlarni buyurtmachiga vositachi orqali ko‘rsatishgan va pulni talab qilishgan. Ayol pulni berayotganda qo‘lga olingan.
Buyurtmachi ayol Rossiya Tergov qo‘mitasining Glenjik shahar tergov bo‘linmasiga topshirilgan.
“Ayolga nisbatan Rossiya JKning “Qasddan uch kishiga nisbatan qotillikni tashkil etish” moddasiga binoan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va gumonlanuvchini qamoqqa olish masalasini ko‘rib chiqmoqda”, deb xabar berdi Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati.