Rayhon “Javob ber”ni xorijdan o‘g‘irlagan deb taxmin qilinyapti
Ko‘chirmakash xonandalar qatoriga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva ham qo‘shildi.
Bugun o‘zbek shou-biznesida yaratilayotgan biror qo‘shiqni maqtab, yaxshi chiqibdi, deyishga ham qo‘rqib qolgansan kishi. Zum o‘tmay o‘sha qo‘shiq xorijdan o‘g‘irlangan bo‘lib chiqyapti.
Biroz avval O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyevaning “Javob ber” nomli qo‘shig‘ini 2016 yilning ilk xit taronasi sifatida e’tirof etib, qo‘shiq Rayhonga yangi omadlar olib kelishi mumkinligini aytgan edik. Buni qarangki, bu qo‘shiq ham xorijlik xonandalar Tom Bokser va Antoniyaning “Morena” nomli qo‘shig‘iga ikki tomchi suvdek o‘xshash bo‘lib chiqdi. Nahotki, Rayhon o‘g‘irlikka qo‘l urgan bo‘lsa? Qo‘shiqni tajribali mutaxassislar va bastakorlarga eshittirib ko‘rganimizda, “Javob ber” aynan “Morena”dan olinganiga hech shubha yo‘qligi aytildi.
Yaqinda O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sardor Rahimxon, “Nihol” mukofoti sovrindorlari Oybek va Nigora, xonandalar Shahzoda, Munisa Rizayeva, Jasur G‘oipov, Diyor Mahkamov, Aziza Nizomova, Farhod va Shirinning 2015 yilda kuylagan qo‘shiqlari xorij estradasidagi taniqli qo‘shiqlardan ko‘chirilgani haqida maqola chop etgan edik. Endi ular orasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva ham qo‘shildi. Qiziq, xonanda bu iddaolarga qanday javob berarkin? Xonanda o‘zini qanday oqlaydi?