Muxlislar uning konsert dasturini har yili intiqlik bilan kutishadi. Bu yil ham muxlislar undan noan`anaviy konsert kutishmoqda, sababi bu yil uning hayotida baxtli burilish sodir bo`ldi. U o`z baxtini topdi. Xo`sh, uning bugungi holati yangi konsert dasturiga o`z ta`sirini ko`rsatadimi?
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rayhon G`anieva Darakchi.uz mehmoni bo`ldi.
– Rayhonning yangi konsert dasturi uning bugungi ruhiy holati bilan qanchalik bog`liq bo`ladi deb hisoblaysiz?
– Konsertimning shaxsiy hayotim bilan aloqadorlik joyi yo`q, deb o`ylayman. Konsert bu mening ishim va ishimni shaxsiy hayotim bilan bog`lay olmayman. Bu galgi konsertim uchun mutlaqo noan`anaviy, yangi format tanladim. Undagi asosiy e`tibor jonli ijroga qaratiladi. Avvalgi konsertlarimda men bunday formatda ishlamaganman. Bu mening muxlislarimga yoqadi, degan umiddaman. Bu safar ham tashrif buyurganlarni hayratda qoldirish uchun barcha vaqt va kuchimizni sarflayapmiz. Bunga erishamiz, deb ishonaman.
–Konsertlaringizning hisobi anchaga etib qoldi, aytingchi, har gal sahnaga chiqishdan oldin nimalarni his etasiz?
– Bu yilgi konsertim hisob bo`yicha 14-bo`ladi. Aslida hayajonim ilk bor bergan konsertimday kuchli. Huddi o`sha qo`rquv, o`sha hayajon. Konsertning nechinchisi ekanligi ahamiyatsiz, har gal hayajon va qo`rquvni yangidan his etaman. Boshqa muxlis, boshqa vaqt, muxlislar seni qanday kutib olishlarini bilmaysan. Konsertga yarim yildan buyon tayyorgarlik ko`ryapmiz, barcha mehnatlarimiz muxlislarga etib boradi va besamar ketmaydi, deb umid qilamiz.
– Libos tanlashda nimalarga e`tibor berdingiz?
– Konsert uchun libos tanlashda juda ko`p mushkulliklarga duch kelamiz. Deyarli tayyor libos ham ba`zida yoqmasligi mumkin va natijada u yaroqsizga chiqadi. Dizayner, uslubchilar uchun bu juda katta mashaqqatni talab etadigan jarayon. Liboslar bilan ham muxlislarni lol qoldirishni istayman.
–Muxlisa nazdida san`atkorning hayoti mutlaqo boshqa dunyo. Aslida qanday?
– Bugungi kunlarimizni olsak, deyarli har kunim tayyorgarlik bilan o`tmoqda. Hatto ovqatlanishga ham zo`rg`a vaqt topaman. Kech soat 2 da uyga etib borsam ham men uchun katta gap. Lekin bilasizmi shu qadar ishimni sevamanki, menga bular mutlaqo bilinmaydi, charchoq his etmayman.
Darhaqiqat, ehtimol hayotim oddiy odamlarnikiga o`xshamas. Har onim, g`alati bo`lsa hayotim uchun Yaratganga minatdorchilik bildiraman. Men o`zimning hayotimni sevaman. U har qancha g`alati bo`lmasin, meniki.
– Ayol uchun juda og`ir bo`lgan onlarni boshdan kechirdingiz. Farzandlaringiz bilan yolg`iz qolgan paytlaringizda nimadan dalda oldingiz? O`shanda yana baxtingizni topishingizga ishonganmidingiz?
– Darhaqiqat, juda murakkab davr bo`lgan... Lekin bilasizmi, har qanday holatda ham Ollohga ishondim, butunlay o`zimni Uning ihtiyoriga topshirdim. “Taqdirimni qanday hal qilsang, qanday hukm chiqarsang, men barchasini qabul qilaman va bundan rozi bo`laman”, deya faqat Ollohga suyandim. Yaratgandan agar menga yana kimnidir uchratishimni buyurgan bo`lsa yaxshi rafiqa bo`lishga harakat qilaman, agar yolg`iz yashashni buyurgan bo`lsa, demak men hayotimni yolg`iz, farzandlarim uchun eng yaxshi ona bo`lib yashab o`taman deb so`rardim. Hayotimning har lahzasidan quvonch va shodlik izlashga va har kunim bilan baxtli yashashga harakat qildim, tushkunlikka tushmadim, hayotim iziga tushib ketdi. Guvohi bo`lganingizdek, Ollohim meni mana shunday baxt bilan mukofotladi...
– Ona va rafiqa sifatida o`zingizga qanday baho berasiz?
– Juda murakkab bu savolga javob berish. Bahoni yaxshisi mening turmush o`rtog`im va bolalarim bergani ma`qul. O`z tomonimdan bor kuchimni yaxshi rafiqa va ona bo`lishga harakat qilaman. Bilasizmi, bolalarimni yaxshi tarbiyalamayapman, deb o`ylayman, sababi qattiqqo`l ona emasman, ularga “yo`q” deb ayta olmayman. Ular menga ishonishini, yaqin do`st bo`lishni istayman. Bolalarim shu sabablimi erkaroq, ammo ulg`ayib, hayotga boshqacha qaraydigan bo`lishlariga ishonaman. O`zingni tarbiyalasang bolalaring uchun namuna bo`lasan degan tamoyilga rioya qilaman.
– Inson tabiatan o`ziga yoki juda yuqori baho beradi yoki juda erga uradi. Sizda bu holat qanday kechadi? Qaysi harakteringizni o`zgartirishni istardingiz?
– O`zimga juda tanqidiy, past baho beraman. Doim kamchilik topaman o`zimdan va ular ustida ishlashga harakat qilaman. Juda ham hissiyotga beriluvchanman. Bosiqlik, hotirjamlik harakteri ko`proq bo`lishni istardim.
– Insonning hayotida shunday onlar bo`ladiki, vaqt o`tib, o`shani eslaganida o`sha holatining ustidan kuladi...
– Shu kunga kelib, inson bilan nimaiki bo`lmasin, barchasiga yaxshilikka ekanligini tushunib etdim. Bizning nazdimizda sodir bo`layotgan hatto eng salbiy holat ham biz uchun aslida saboq chiqarish uchun bo`ladi. Har bir yakun nimaningdir boshi... Xullas hammasi yaxshilikka ekanligiga ko`p bor amin bo`lganman.
– Farhod bilan turmush qurganingiz sizga ayollik baxtini berdi, ijoddachi?
– Turmush o`rtog`im mening butun hayotimga nur olib kirdi!
– O`z intervyularingizdan birida saraton bilan og`rigan qiz Shahzoda bilan duet kuylashingizni orzu qilishini aytgandingiz. Ammo Shahzoda fan-klubiga buning “piar” va aslida bunday qiz yo`qligini ma`lum qildi?
– Shahzodaning bunday javobi meni hayron qoldirdi, rostini aytsam ishongim ham kelmayapti uning bunday javob berganiga. Men ham u ham “piar”ga muxtoj emasmiz. Agar “Instagram” sahifamga kirsangiz o`sha qizning surat qo`yib, duet kuylashimizni so`raganligini guvohi bo`lishingiz mumkin. Agar Shahzoda bunday qiz yo`qligini aniqlagan bo`lsa, demak bu masala o`z-o`zidan echimini topgan. Ammo Shahzoda shunday javob berganiga shubhalanyapman. Men bilgan Shahzoda juda bag`ri keng, mehribon inson.
– Turmush o`rtog`ingiz o`zining Instagramdagi sahifasiga turli-tuman taomlarning suratini joylab, sizning oshpazlik mahoratingizni e`tirof etgandi, haqiqattan ham shunday qobiliyatingiz birmi?
– To`g`risini aytsam pishirish ishlariga vaqtim yo`q, ammo doim uni kutib olishga, chiroyli dasturxon tuzashga, shirin taomlar bilan siylashga harakat qilaman. Erkak kishining yuragiga yo`l oshqozon orqali ekanligi hech kimga sir emas, shu sababli doim harakat qilib u sevgan taomlar dasturxondan joy olishiga harakat qilaman.
– Konsertingizga farzandlaringizning otasini taklif qildingizmi?
– Agar Yigitali konsertga kelishni istasa men bajonidil uni taklif qilaman. Biz u bilan juda iliq va do`stona munosabatlarda qolganmiz.
– Eng katta orzu va armoningiz?
– Afsuslarim haqida gapirishni istamayman, ularni unutgan ma`qul, orzuga kelsak amalga oshmaguncha aytmayman, amalga oshgach albatta aytaman.
– Tilaklaringiz...
– Barcha Darakchi.uz nashri mushtariylariga ulkan muhabbat, baxt, omad va albatta sog`lik tilab qolaman. Sizlarni sevaman va barchangizni “Istiqlol”da bo`lib o`tadigan konsert dasturimda kutib qolaman.
Eslatib o`tamiz, Rayhonning konsert dasturi 20-24 fevral kunlari “Istiqlol” san`at saroyida bo`lib o`tadi.
|