Rayhon bu yilgi konsertiga nom berilmagani sababini oshkor qildi
11-fevral kuni 19:00 dan 21:00 ga qadar “Vodiy sadosi” radiosida xonanda Rayhon bilan intervyu bo‘lib o‘tdi. “Daryo” mobil muxbiri Ulug‘bek Xudoyberganov ushbu intervyuni tinglab, uni yozma shaklda taqdim etdi.
Intervyu avvalida Rayhonga beriladigan savollar faqatgina uning ijodi va yaqinlashib kelayotgan konsert dasturiga bog‘liq bo‘lishi kerak ekanligi ta’kidlab o‘tildi va xonandaning shaxsiy hayotiga aloqador savollarni bermaslik so‘rab o‘tildi.
Intervyu davomida Rayhon radioboshlovchi va tinglovchilar tomonidan berilgan savollarga javob qildi.
Intervyuning birinchi qismida xonanda ijodi va bo‘lajak konserti haqidagi savollarga javob berdi.
Konserti haqida berilgan savollarga javoban, xonanda unda sirli duetdosh bo‘lishi, qo‘shiqlar o‘zbek va rus tillarida bo‘lishi hamda ba’zi kompozitsiyalar jonli tarzda ijro etilishini ta’kidlab o‘tdi.
Boshlovchining konsertga nima uchun nom berilmagani haqidagi savoliga javob berar ekan, nom tanlashda ikkilanish natijasida shunday bo‘lgani, konsert dasturi shunchaki “Rayhon shou” deb atalishini aytib o‘tdi.
Shuningdek, xonanda konsert dekoratsiyalari ertaklar olamini eslatishini ma’lum qildi.
2015-yildagi gastrol safarlari haqida gapirar ekan, Rayhon bu borada ko‘plab takliflar borligi, ayni paytda muzokaralar davom etayotganini aytdi. “Shu yil Istanbulda konsert berish bo‘yicha shartnomani ham imzolash arafasida turibmiz”, — dedi u.