Rayhon bilan qisqa savol-javob:
-Rayhon, ko‘zingiz tushgan bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlarda “Ko‘nikmadim” klipiga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirilmoqda. Siz bunga qanday qaraysiz?
-Har kimning o‘z fikri bor. Bunday tanqidlar g‘ashimga tegmaydi. Axir, har qalamning o‘z rangi bo‘lgani kabi har kimning o‘z didi bor!
-Bir paytlar sodiq dugonangiz bo‘lgan Shahzodaning konsertiga borasizmi?
-Meni taklif qilishmadi.
-Istanbulda Jahongir Otajonov bilan birgalikda konsert berasiz. Uning ijodini qay darajada bilasiz?
-Afsuski, uning ijodi haqida bilmayman.
-U omma tomonidan “jonli ijro qiroli” ta’rifini qozonganiga ancha bo‘ldi. Bu haqda siz ham eshitgandirsiz?!
-Jonli ijroda qoyilmaqom kuylashini bilaman. Xalqqa uning sahnadagi jo‘shqinligi, g‘ayrati juda yoqishini ham eshitganman. Biroq, men uning ijodiga muxlis emasman.
-Istanbuldagi ilk yakkaxon konsertingizda nima kutyapsiz?
-Tomoshabinlarning iliq mehrini! Artist uchun bundan bo‘lak yana nima ham kerak?!
-Istanbulga bu birinchi safaringizmi?
-Yo‘q. Uchinchi marotaba.
-Omma orasida tarqalgan so‘nggi mish-mishlarga oydinlik kiritsangiz. Turmush o‘rtog‘ingiz bilan yarashdingizmi? (Bu galgi xush mish-mishlar ko‘pchilikni xursand qilishga ham ulgurdi!)
-...
Umid qilamizki, vaqt o‘tib, shu “uch nuqta” xush javobga o‘rin bo‘shatadi! Har holda, minglab muxlislar sevimli yulduzini hamisha baxtli ko‘rishni chin dildan istaydi. A, labbay?