O‘zbekiston yaqin orada Rossiyaga Ravon rusumidagi avtomobillarni sotishni qayta yo‘lga qo‘yadi. Birinchidan, 2019-yilning mart oyida Rosstandart bazasida Ravon R2 rusumidagi transport vositasi ma’qullangani bilan bog‘liq ma’lumot paydo bo‘lgan, ikkinchidan, Belarusda bunday savdolar allaqachon boshlangan. Bu haqda “Avtostat” tahlil agentligi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, modellar eksporti 3-apreldan boshlangan. Bu GM Uzbekistan o‘zining narx siyosatini belgilab olganini anglatadi. Endi tejamkor avtomobillarni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining boshqa mamlakatlariga chiqarishda kompaniyaga hech narsa halaqit bermaydi.
GM Uzbekistan yil boshidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarni qo‘shni Afg‘oniston va Tojikistonga eksport qilish boshlanganini ham ma’lum qilgan.
Belarusda ayni paytda Nexia R3 (Chevrolet Aveo) va Ravon R4 (Chevrolet Cobalt) taklif etilmoqda.
Xabarda ushbu modellar savdosi Rossiyada ham hozircha (R3 uchun 2019-yil iyunigacha, R4 uchun 2019-yil oktabrigacha) amalda ekani aytib o‘tilgan.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, GM Uzbekistan ularni yangilash bilan shug‘ullanmoqda yoki buni qilib ulgurgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil bahordan boshlab Rossiyaga Ravon avtoulovlarini yetkazib berish to‘xtatilgan edi.
Sababi, “Avtostat” ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yil birinchi choragida dilerlar tomonidan ushbu markadagi 1,5 mingga yaqin avtomobil sotilgan bo‘lsa, aprel oyida savdo deyarli ikki barobar tushib ketgan, yil oxiriga kelib esa sotilmay qolib ketgan transport vositalari realizatsiya qilingan. Oqibatda o‘tgan yil yakuni bo‘yicha ushbu brend ostida sotilgan avtoulovlar soni 5,5 mingtani tashkil etgan.