Qibrayda 26 yoshli yigit buvisini kaltaklab o‘ldirdi
2017 yil 11 dekabr kuni taxminan soat 23:20 da Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro Usmon Nabiev spirtli ichimlik ta’siri oqibatida mast holatda bo‘lib, o‘zi bilan bir xonadonda yashovchi buvisi, 1932 yilda tug‘ilgan Umida Mahkamova bilan o‘rtalarida kelib chiqqan oilaviy kelishmovchilik natijasida qo‘li bilan uning yuz qismiga bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda, Umida Mahkamova Qibray tumani markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga qarindoshlari tomonidan olib kelingan va shifokorlar tomonidan unga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 2017 yil 12 dekabr kuni soat 02:00 da mazkur shifoxonada vafot etgan.
Tuman markaziy shifoxonasining tibbiy ma’lumotnomasiga ko‘ra, Umida Mahkamovaning yuzida kuchli shish, bosh tepa, yuz ikkala kaft tirsak sohalarida ko‘plab ezilib yirtilgan jarohatlari va teri osti gemotomasi, ikkala yonoq pastki jag‘ sohasida krepitatsiya kabi tan jarohatlari aniqlanganligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (Jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Usmon Nabiev ushlanib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dastlabki tergov jarayonida oilaviy kelishmovchilik sabablari o‘rganilganda, Usmon Nabiev doimiy ravishda spirtli ichimliklarni iste’mol qilib kelganligi sababli uni tartibga chaqirmoqchi bo‘lgan buvisining tarbiyaviy ahamiyatga ega tanqidlarini to‘g‘ri qabul qilish o‘rniga, u bilan janjallashish oqibatida buvisining o‘limiga sababchi bo‘lganligi aniqlandi.
Toshkent viloyati IIB Tergov boshqarmasining xabariga ko‘ra, JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandiga ko‘ra, aybdorga nisbatan sud tomonidan sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo tayinlanishi mumkin.
Jinoyat protsessual kodeksi talabi, ya’ni tergov siri sababli voqea tafsilotlaridagi ismlar o‘zgartirilgan va har qanday o‘xshashlik tasodifdir.