Rossiyalik taniqli teleboshlovchi Leonid Yakubovichning avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda “Topnews.ru” xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Pole chudes” ko‘rsatuvi boshlovchisi Rublevo-Uspenskiy ko‘chasida rafiqasi va 11 yoshli nabirasi bilan o‘zining Mercedes avtomobilida ketayotgan edi. YTH oqibatida boshlovchi va uning oila a’zolariga zarar yetmagan.
“Qo‘rqinchli narsa sodir bo‘lgani yo‘q. Mashinam bamperiga biroz zarar yetdi, xolos”,—dedi Leonid Yakubovich.
Bundan biroz avval ham ayrim nashrlar Leonid Yakubovich mudhish avtohalokatga uchragani haqida xabarlar tarqatgan edi. Ammo, bu xabarlar o‘z tasdig‘ini topmagan edi.
Leonid Yakubovich "Pole chudes" ko‘rsatuviga 1991 yilning 1 noyabridan boshlab boshlovchilik qiladi.