1994 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Shoira Murodova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ishlamay turib, pul topishning yo‘llarini izlay boshladi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.
2015 yil sentabr oyining oxirlarida Shoira ish izlab, Mirobod tumani Yangi Qo‘yliq ko‘chasida joylashgan “Paynet” shoxobchasiga kelib qoldi. Ushbu shoxobcha egasi – Nodira Xoshimova qiz bilan suhbatlashgach, uni ishga qabul qilishga qaror qildi.
2015 yilning oktabr oylari. Taxminan soat 13:00 larda Nodira shoxobchadan xabar olish maqsadida u yerga keladi. U Shoiraga “Paynet” shoxobchasidagi 4000000 so‘m savdo pullarini inkassatsiya qilish uchun berib, unga pulni inkassatsiya qopiga solib, og‘zini mahkamlashni so‘raydi. Ko‘rsatmalarni berib bo‘lgach, Nodira o‘z ishlari bilan chiqib ketdi. Katta miqdordagi shuncha pulni qo‘lida ushlab turgan Shoiraning birdan niyati buzildi. Shayton vasvasasi ustun kelib, u shartta inkassatsiya qopini ochib, pullarni oldi. Bunga qanoat qilmay, stol tortmasining ichidagi 500000 so‘m pulni ham oladi. Pullarni sumkasiga joylab, shoxobchadan o‘qdek otilib chiqib ketdi.
Ichki ishlar xodimlarining sa’y-harkatlari bilan Shoira qo‘lga olindi.