Butun jahonda ommalashgan overdraft krediti yurtimiz banklarida ham keng tatbiq etilyapti. Biroq uning asl mohiyati, ishlash mexanizmi odamlar orasida turlicha talqin qilinadi. Ba’zilar overdraft juda qulay, hamyonbop ekanini aytsa, boshqalar mijozlardan pul ishlashning yana bir yo‘li, deydi. Xo‘sh, aslida u nima?
Overdraft – plastik kartochka egasiga bank tomonidan ma’lum muddatga muayyan foiz ostida beriladigan mablag‘. Bunda plastik kartaga mijozning hali olmagan maoshi (nafaqa puli)dan «qarz» beriladi. Yagona sharti murojaat etuvchi doimiy kafolatlangan daromadga ega bo‘lishi lozim.
Foizi qancha?
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Xalqaro aloqalar va kommunikatsiyalar departamentidan olingan ma’lumotga ko‘ra, overdraft bo‘yicha yillik foiz stavkasi miqdori tijorat banki bilan mijoz o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida belgilanadi. Foiz stavkasini tijorat banki o‘zining kredit siyosatidan kelib chiqib belgilaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizdagi tijorat banklarida yillik 19, 24, 25, 28 foizli takliflar mavjud.
Ishlash mexanizmi qanday?
Overdraftning ishlash mexanizmini to‘la tushunish maqsadida tijorat banklaridan biriga mijoz sifatida murojaat qildik. Mazkur bank mutaxassisi overdraftdan foydalanish shartlari deya quyidagilarni sanab o‘tdi:
fuqaro aynan shu bankning korporativ mijozi bo‘lishi shart;
ushbu kredit mijozning o‘rtacha oylik ish haqining bir barobari miqdorida 12 oy muddatga, yillik 24 foiz stavka bilan beriladi.
Xodimning o‘rtacha oylik ish haqi deganda, unga har oyda tushuvchi daromadlar yillik yig‘indisi 12 oyga taqsimlangandagi summa tushuniladi. Misol uchun, agar maoshingiz 1,5 mln. so‘m atrofida bo‘lsa, bank xuddi shuncha miqdordagi overdraft kreditini ajratadi.
Bank xodimining tushuntirishiga ko‘ra, overdraft krediti foizi kunlik hisoblab boriladi: kredit summasi*24 foiz/365 kun = kunlik kredit foizi. Masalan, 1,5 mln*24/365 = 986 so‘m (kunlik kredit foizi).
Kredit sifatida berilgan asosiy mablag‘ esa yil so‘ngida (11-12-oyda) ikkiga bo‘lib (yoxud shartnomada belgilangan tartibda boshqa shaklda) olinadi.
Qanday hujjatlar kerak?
Mazkur xizmatdan foydalanish istagidagi fuqaro plastik kartasi qaysi bankka tegishli bo‘lsa o‘sha muassasaga murojaat qiladi. Va bank mijozdan quyidagi hujjatlarni talab qiladi:
– overdraft olishga buyurtmanoma;
– pasport nusxasi;
– daromadlar (ish haqi, pensiya)i to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.
Ba’zi tijorat banklari kredit qaytarilmay qolishi bilan bog‘liq xatarning oldini olish uchun mijozdan STIR (soliq to‘lovchining identifikasion raqami), ShJBPІ (shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i), mehnat daftarchasi nusxasi va hatto ish beruvchining roziligini so‘rashi mumkin. Ba’zi banklar esa 1 nafar jismoniy shaxs kafilligi (u ham xuddi shu bank mijozi bo‘lishi lozim)ni, uning ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi, STIR va ShJBPІni talab qiladi. Kredit xatari, deganda kreditdan foydalanayotgan kishining kutilmaganda ishsiz qolishi (bo‘shab ketishi), betob bo‘lishi, ish beruvchining oyliklarni o‘z vaqtida bera olmasligi ehtimoli va hokazolartushuniladi.
Muddati, shartlari, miqdori
Tijorat banki hujjatlar taqdim qilingandan so‘ng 3 bank ish kunidan kechikmagan holda uni qanoatlantirish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Overdraft shartnomasiga ilova qilingan jadvalga muvofiq, bosqichma-bosqich qaytarish sharti bilan beriladi. Іammasi ish haqining miqdori, plastik kartochka hisobvarag‘iga qancha summa tushishi va qanchalik tez tushishiga bog‘liq.
Ariza beruvchining bank oldidagi majburiyatlari avtomatik ravishda, kelib tushgan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish yo‘li bilan bajariladi. Ayrim banklar ariza beruvchining naqd mablag‘ to‘lash orqali hisob-kitob qilishiga ruxsat beradi.
Qulayliklari nimada?
- bu kredit ortiqcha ovoragarchilik talab etmaydi;
- faqat foydalanilgan mablag‘ uchungina foiz to‘lanadi;
- yaqin kunlarda mijozning hisobiga daromad mablag‘i (ish haqi yoki nafaqa) kelib tushishini bank aniq biladi;
- plastik kartadagi mablag‘ umuman ishlatilmasa, u foiz «tug‘masdan» saqlanib turaveradi va zarur paytda mijozga qo‘l keladi.
Oddiy kreditni yopishingiz yangisini olishingizga kafolat bo‘la olmaydi. Overdraft esa qarzingizni qaytarishingiz bilan yana tiklanadi.
Boshqa kreditlardan farqi nimada?
Ma’lumki, boshqa har qanday kredit (ipoteka, iste’mol, avtokredit, chorva krediti va hokazo) faqat muayyan maqsadlar uchun ajratiladi. Ya’ni bank aniq bir maqsadga pulning yo‘naltirilishini ma’lum ma’noda nazorat qiladi. Overdraftda esa bu shart yo‘q. Mijoz undan istalgan xarajatlar uchun foydalanishi mumkin.
Boshqa kreditlar uzoq muddatga beriladi va qat’iy jadval asosida to‘lanadi. Overdraftni esa bank bilan shartnomaga muvofiq, qisqa muddatda (odatda 30-60 kunda) qaytarish kerak.
Boshqa turdagi kreditni olgan mijoz uni ishlatish yoki ishlatmasligiga qaramay, foizlar hisoblab boriladi. Overdraft krediti olinganda, foiz to‘lovlari bank bilan shartnoma imzolangan kundan emas, balki kredit ishlatila boshlangan kundan e’tiboran va faqat ishlatilgan kredit mablag‘idan hisoblab olinadi.
Shohsanam NIYoZOVA