2019 yildan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar berdi.
Hozirda Davlat xizmatlari agentligi tomonidan vakolatli vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda Hukumatning tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilishi bilan bir qatorda zaruriy choralar ham ko‘rilib borilmoqda.
Endilikda abiturientlar davlat xizmatlari markazlari orqali respublikadagi istalgan oliy ta’lim muassasasiga o‘zining tumanidan chiqmasdan turib hujjat topshirishi mumkin bo‘ladi. Qolaversa, ushbu amaliyotni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda ham amalga oshirish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Davlat xizmatlari agentligi tomonidan tajriba tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat test markazi va Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda abiturientlardan o‘qishga kirish bo‘yicha hujjatlarni 201 ta tuman va shaharlarida faoliyat olib borayotgan DXM orqali qabul qilish amaliyoti joriy etildi.